Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “Juzimbag‘” ovul fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda Yosh fermerlar kengashi hamkorligida “Yosh eksportchilar” loyihasida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, yosh tadbirkorlarni eksport bozorlariga kirishga tayyorlash, ularga xalqaro savdo jarayonlarini o‘rgatish, shu orqali mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishdan iborat.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Yosh fermerlar kengashi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni fermerlik harakatiga keng jalb etish, yosh fermerlarni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirishda ko‘maklashish, ular faoliyatida duch kelinayotgan muammolar hal etishda amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, yosh fermerlarni xorijiy ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish va ilg‘or tajribalarni yosh fermerlar faoliyatiga joriy qilish, xalqaro ko‘rgazmalarda yosh fermerlarning ishtirokini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘quv-seminarida tajribali tadbirkorlar ishtirokida ma’ruzalar qilinib, yosh tadbirkorlar va fermerlarga xalqaro savdo jarayonlari haqida amaliy bilimlar berildi. Shuningdek, eksport bozorlarini o‘rganish, xalqaro shartnomalar tuzish, mahsulotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish kabi sohasidagi eng muhim masalalar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Ishtirokchilar mahsulotlarning xalqaro bozorlarda sotilishini ta’minlash uchun sertifikatlash jarayonlari, eksport huquqi va xalqaro shartnomalar asosida ish yuritish, moliyaviy imkoniyatlar va xalqaro savdo kreditlarini olish usullari bo‘yicha ham yetarli bilimlarga ega bo‘ldilar. Bu orqali ularning kelgusida eksport faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirildi va yangi eksport bozorlariga kirish rejalari ishlab chiqildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 ming 72 nafar yoshga 4 ming 685 gektar yer maydoni ajratilgan, – deydi O‘zbekiston Yosh fermerlar kengashi raisi Mahmud Inoyatov. – O‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, ushbu ajratilgan yerlarda serdaromad mahsulotlar yetishtirish, ularni qayta ishlash orqali eksportga yo‘naltirishdan, sohaga iqtidorli yoshlarni jalb qilishdan iborat.

Ushbu mavzudagi o‘quv-seminari Beruniy tumanida ham bo‘lib o‘tdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.