Nukusdagi nodavlat notijorat tashkilotlarining “Do‘stlik uyi”da “Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamda German Sparkassenstiftung for Internatsional Cooperation tashkiloti bilan hamkorlikda yoshlar va xotin-qizlar uchun tashkil etilgan biznes o‘quv markazining ochilish marosimi bo‘ldi.
Mazkur markaz Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda agrar sektorni kuchaytirish va yetarli moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish orqali qishloq hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Ochilish marosimida German Sparkassenstiftung for Internatsional Cooperation tashkiloti mintaqaviy loyiha rahbari Inka Ryuk, “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Guljon Xalmuratova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, shu orqali daromadini oshirishga qaratilayotganiga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatning qishloq hududlarida yashovchi yoshlarni hamkor banklar (Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banki) bilan aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha turli o‘quv seminarlar, biznes o‘yinlar o‘tkazish uchun 25 nafar trener tayyorlandi. 2021 yil may oyidan boshlab loyiha hamkorlari sirasiga “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi ham qo‘shildi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida mamlakat bo‘ylab loyihaning o‘quv-seminarlarini samarali tashkil etish maqsadida shu kungacha bosqichma-bosqich 47 nafar trener tayyorlandi. Yoshlar Ittifoqi va “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi trenerlari tomonidan 3 ming 500 nafardan ziyod yosh hamda xotin-qiz turli o‘quv-seminarlari orqali bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
German Sparkassenstiftung for Internatsional Cooperation tashkiloti tomonidan loyiha doirasida hududlarda zarur o‘quv materiallari va jihozlari bilan dala seminarlari, ochiq osmon ostida turli tadbirlar o‘tkazish uchun Yoshlar Ittifoqiga hamda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasiga 3 ta “Damas” rusumli o‘quv avtotransport vositasi taqdim etildi.
Hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi va “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi uchun Toshkent shahri va bir qator viloyatlarda o‘quv markazlari foydalanishga topshirildi. Nukus shahridagi zamonaviy mebel hamda texnik jihozlari bilan ta’minlangan markazda kelgusida seminarlar, treninglar o‘tkaziladigan asosiy maskanga aylanadi.
– Hamkorlikdagi tadbirlarning Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri janob Olaf Sholsning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi kunlari o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, – deydi mintaqaviy loyiha rahbari Inka Ryuk xonim. – Davlat rahbarlarining bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu o‘quv markazi mintaqadagi tadbirkorlikka qiziqqan yoshlar va xotin-qizlarning moliyaviy, iqtisodiy va tadbirkorlik bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari loyiha doirasida tayyorlangan trenerlarning kelgusi rejalari, ilg‘or tadbirkorlarning ish faoliyati bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA.