Eron ishbilarmonlar delegatsiyasi O‘zbekistonda

Bugun Eron Savdo-sanoat, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi palatasi prezidenti Samad Hasanzoda boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillari mamlakatimizga keldi.

22 sentyabrgacha davom etadigan tashrif doirasida mehmonlar qator tashkilotlarda uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan. Dasturga muvofiq, dastlab O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida tashkil etilgan tadbirda palata raisi Davron Vahobov, mamlakatimizning Eron Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Nasriyev, Eron tomonidan delegatsiya rahbari, shuningdek Elchi M.Iskandariy ishtirok etdi.

Ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilish to‘qimachilik, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarda faoliyat yurituvchi Eron korxonalari vakillari bilan ochiq, samarali muloqot tarzida davom etdi.

– O‘zbekiston keramika sohasi rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi, – dedi D.Vahobov. – Shunday ekan, ayni yo‘nalishda birga ishlab, yangi loyihalarni jadal amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bugungi geosiyosiy vaziyatga qaramay, davlatlarimiz o‘rtasida savdo aloqasi rivojlanib boryapti, statistika ijobiy o‘sish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Diplomatlarimiz mazkur uchrashuvda ishtirok etib, palatalarimiz faoliyatini qo‘llab-quvvatlayotgani tadbirkorlarni juda quvontirdi. Qayd etish joiz, metall, avtomobil sanoati kabi sohalarda o‘zaro to‘liq ishga solinmagan salohiyat yuqori.

Suhbat chog‘ida savdo va tovar ayirboshlash miqdorini oshirish, eksport va importda uchraydigan muammolarni hal qilish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

– Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqani yanda rivojlantirish imkoniyatini tahlil qildik, – dedi S.Hasanzoda O‘zA muxbiriga. – Mamlakatlarimizda mahsulot ayirboshlash miqdorini 500 million dollardan 1 milliard dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat bor. Bu o‘zaro sa’y-harakat bilan amalga oshirsa bo‘ladigan vazifa, deb o‘ylayman.

Anjumanda 19-20 sentyabr kunlari Toshkent shahri va Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Eron qo‘shma biznes forumi masalasi ham muhokama qilindi.

Behruz Xudoyberdiyev,

Asliddin Alijonov (surat),

O‘zA