“Microsoft” so‘nggi ikki oy davomida Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Xarris haqida soxta xabar tarqatish bo‘yicha Rossiyaning sa’y-harakati aniqlaganini ma’lum qildi. Tabiiyki, Moskva ushbu da’voni avval qat’iyan rad etib kelgan.

– Avgust va sentyabr oylarida MTAC (tahdidni tahlil qilish markazi) tomonidan kuzatib borilgan “Storm-1516” va “Storm-1679” nomi bilan tanilgan ikki rossiyalik sub’ektni aniqladik, – deyilgan kompaniyaning yangi hisobotida. – Ular Xarrisni obro‘sizlantirish va uning kampaniyasi atrofida bahs-munozara qo‘zg‘ash uchun mo‘ljallangan video materialdan foydalangan.

Lavhalardan birida Xarris tarafdorlari tomonidan Donald Tramp mitingi ishtirokchisiga qilingan hujum aks etgan. Boshqa tasvirda aktyor Xarris avtomobil halokati sodir etgani va voqea joyidan qochib ketgani haqida da’vo qilgan.

“Microsoft” AQSH sayloviga ta’sir ko‘rsatish uchun soxta tasvir yaratish ayblovi tufayli sanksiyaga uchragan “Dialog” notijorat tashkilotiga tegishli 20 dan ortiq elektron pochta manziliga taqiq qo‘yilganini ta’kidlagan.

Rossiya ushbu ayblovlarga javoban, AQSH ichki siyosiy jarayoniga aralashmagani va aralashmasligini takrorlab keladi. Bunday ta’kidni RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bildirgan.