AQSHda Donald Tramp golf o‘ynayotgan klub yaqinida otishma yuz bergani haqida O‘zA xabar bergan edi. Prezidentlikka nomzodga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan R.Rayanga dastlabki ayblov e’lon qilindi. Bu haqda Amerikaning CNN telekanali huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar berdi.
Federal qidiruv byurosi ehtimoliy suiqasdga urinishni tekshira boshladi.
Gumondor erkak sudlangan bo‘lishiga qaramay, o‘q otar aslahani noqonuniy saqlagani, shuningdek raqami o‘chirilgan o‘q otar qurolga egalik qilgani taxmin qilinyapti. Tergov davomida R.Rayan qo‘shimcha va jiddiyroq ayblovlarga ham duch kelishi mumkin.
Maxfiy xizmat agentlari golf klubi hududidagi buta orasida miltiq stvolini ko‘rib, o‘sha tomonga qarata o‘q uzgan. Trampdan 300-500 metr masofada bo‘lgan odam qurolini tashlab, mashinada qochgan. U qo‘shni okrugda qo‘lga olingan. Voqea joyidan optik mo‘ljallagichli AK-47 rusumidagi avtomat, ikkita ryukzak va GoPro videokamerasi topildi.
Hibsga olingan Gavay orollarida kichik qurilish kompaniyasi egasi, 58 yoshli Rayan Uesli Rut 2016 yil Trampga ovoz bergan. Keyinchalik ijtimoiy tarmoq orqali sobiq prezidentdan hafsalasi pir bo‘lganini bildirib, vaqti-vaqti bilan respublikachini tanqid qilib turgan. Shuningdek, u Rossiya bilan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor takrorlagan. Xususan, Rut “Kremlni butkul kul qilish” kerakligini yozgan va Ukraina tomonidan jangda ishtirok etishga tayyorligini aytgan.
Bu so‘nggi ikki oy ichida Donald Trampga nisbatan qilingan ikkinchi suiqasd. Iyul oyida da’vogar Pensilvaniya shtatidagi saylov oldi mitingida yuz bergan otishma natijasida qulog‘idan yaralandi. Maxfiy xizmat agentlari bosqinchini otib tashladi.
“New York Post” gazetasi xavfsizlik manbalariga tayanib yozishicha, o‘q faqat maxfiy xizmat agenti tomonidan otilgan. Qo‘lga olingan gumonlanuvchining nima sababdan bu ishga qo‘l urgani aniqlanmadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA