O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Markaziy Osiyo Sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov va Markaziy Osiyo Sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov imzolagan mazkur hujjat sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan.
Endilikda tomonlar bu boradagi ikki tomonlama ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantiradi va mustahkamlab boradi.
Aytib o‘tish kerakki, 2023 yil 16 yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2023 – 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlangan. Unda sudlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Ushbu strategiyani amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturida Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishni yanada kengaytirish maqsadida sudlar faoliyatiga fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, sud hujjatlari loyihalarini avtomatik tayyorlash va sud amaliyotini tahlil qilish yo‘nalishida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalar ijro etilishida sud-huquq faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini takomillashtirish, sud majlislarida masofaviy ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Zero, jahonda raqamlashtirish ko‘lami va rivojlanish tendensiyalarining jadallashuvi sud-huquq tizimida axborot texnologiyalarining keng tarqalishiga yo‘l ochdi.
Sudlar faoliyatida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, sud hujjatlarini avtomatik tarzda tayyorlash va sud qarorlarini tahlil qilish tizimlari joriy etilayotganini hisobga olgan holda ushbu sohadagi yetakchi ekspert va mutaxassislar bilan yaqindan aloqa o‘rnatish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur.
Imzolangan memorandum shu jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, sun’iy intellektdan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA