Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Adliya vazirligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar yaratildi.
Ushbu yo‘nalishdagi eng muhim masalalarni qamrab olgan uslubiy qo‘llanmalar davlat organi va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazildi.
Jumladan, davlat xizmatida yuzaga keladigan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga asoslangan uslubiy qo‘llanma manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishning umumiy qoidalari, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartib-qoidalari, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha elektron yordamchi sanaladi.
Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda ularni bartaraf etish choralariga oid 49 ta muammoli savol va vaziyatlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari ish stolida eslatma sifatida foydalanishi uchun manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar va bunday vaziyatlarda ko‘riladigan choralar bo‘yicha illyustrativ tarqatma materiallar ham tayyorlandi.
Mazkur materiallar davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmalar (korrupsiyaga qarshi ichki nazorat yoki kadrlar bo‘linmalari), shuningdek, Odob-ahloq komissiyalari faoliyatida uslubiy yordam bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA