Nukus shahridagi “Do‘stlik” maydonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan tashkil etilgan “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida keng qamrovli tadbirlarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni yoshlar ishtirokidagi tadbirlarning ochilishi bilan qutladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarining biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan qoraqalpog‘istonlik yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ular orasidan ko‘plab iqtidorli, shuning bilan birga yurtimiz rivoji yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan yoshlarning yetishib chiqishiga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uch kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari, sportning jangovar turi bo‘yicha yosh sportchilarning chiqishlari, “Yoshlar jinoyati va huquqbuzarligidan holi mahalla”, “Yoshlarga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan tadbirkor”, “Xavfsiz va ravon yo‘l” loyihalari , “Zakovat” o‘yini, “Dillarda Vatan madhi” shiori ostida qo‘shiq va she’riyat kechasi, voleybol bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” sport musobaqasi, “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ekskursiya va boshqa qiziqarli tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ochilish marosimi davomida o‘tkazilayotgan tadbirlardagi faolligi va alohida qobiliyati uchun bir qator yoshlar munosib taqdirlandi.
Tadbir san’at va madaniyat xodimlarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.