Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, farzandlari bilimli, iste’dodli, o‘zining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorug‘ bo‘ladi.

Biz O‘zbekiston yoshlarini ana shunday ezgu fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Adliya yoshlarga ko‘makdosh!” shiori ostida o‘tkazilayotgan keng qamrovli tadbirlar ham shu maqsadga qaratilgan.

Aytib o‘tish kerakki, adliya tizimida yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, muammolariga yechim topishga qaratilgan bunday tadbirlar doimiy o‘tkazib kelinmoqda.

Yangi shior, yangi yo‘nalishda tashkil etilgan “Adliya yoshlarga ko‘makdosh!” shiori ostidagi keng qamrovli tadbirlar qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.

Tadbirning birinchi kunida yuzlab yoshlar faol ishtirok etdi. Nukus tumanidagi 23-umumta’lim maktabida o‘quvchilarning  huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan ochiq darslar, yoshlar  bilan suhbat va savol-javoblar o‘tkazildi.

Xo‘jayli tumanidagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida rahbar va yoshlar uchrashdi. Yoshlarning huquq sohasiga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida ular adliya bo‘limi faoliyati bilan tanishtirildi. Mudofaa va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda vatanparvarlik tadbirlari tashkil etildi.

–“Ochiq eshiklar kuni”, “Tengdoshimga huquqiy yordam” loyihalari doirasida mahallalar, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalaridagi yoshlarning  adliya organlariga tashriflari bo‘lib o‘tdi, – deydi Xo‘jayli tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Azamat Shabatov. – Yoshlarga huquqshunoslik kasbi, uning o‘ziga xos jihatlari, nufuzi haqida amaliy tushunchalar berildi. Bu kabi tadbirlar yoshlarda  huquqshunoslik kasbiga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbirlar davomida “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” shiori ostida yoshlarning muzey, uy-muzeylari, tarixiy obidalarga tashriflari tashkil qilindi.

“Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida saylovda ishtirok etishning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni haqida yoshlarga tushunchalar berildi.

Bundan tashqari, iste’dodli yoshlarga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun motivatsiya berish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida rivojlangan davlatlar, shu jumladan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti sifatida ta’lim olgan, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori natija qayd etib xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan yoshlar ishtirokida uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

Olimpiada chempionlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar yoshlar uchun haqiqiy bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Yoshlar o‘rtasida birdamlik, jamoaviy kuch, o‘zaro muloqot ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish maqsadida “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib  o‘tdi.

Tadbirlar davomida yoshlarga o‘z huquqlaridan foydalanishning amaliy mexanizmlarini o‘rgatishga qaratilgan “Adliya vazirligidan yoshlarga 100 maslahat”, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish va uni amalga oshirish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar bepul tarqatildi.

18 sentyabr kuni Nukus shahrida “Adliya sayili” huquqiy aksiyasi o‘tkaziladi. Tadbirda fuqarolarga barcha sohalar bo‘yicha bepul huquqiy maslahatlar beriladi. Unda davlat organlari, sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatlar, notariuslar, nodavlat notijorat tashkilotlari mas’ullari ishtirok etadi.

Sayil davomida sovrinli viktorinalar, sport musobaqalari, madaniyat xodimlarning konsert dasturi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, sayyor qabullar, mehnat yarmarkalari, harbiy chiqishlar namoyish etiladi. Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, psixolog maslahatlari beriladi.

Kegeyli tumanida ham  “Huquqiy targ‘ibot kuni” bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

N.ABDURAIMOVA,

O‘zA