O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligidagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yoshlarga 402 gektar unumdor yer maydoni ajratildi. Ushbu ajratilgan yer maydonlari elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan yoshlardan 630 nafari auksionda yutib olishga erishdi.
Shabboz qovunlarining mazasi bundan ming yillar ilgari ham yetti iqlimga mashhur bo‘lgan. Bugungi kunda ham o‘z ta’mi va sirini saqlab qolgan. Asosiy siri Amudaryo suvlarida degan farazlar ham mavjud. Ayniqsa, kuz oyida pishib, to kelgusi yil may oyigacha saqlanib turadigan “Andirxon” navi tam borasida yetakchi.
“Do‘stlik” ovul fuqarolar yig‘inida 30 yil muddatga yoshlarga ijara shartnomasi asosida ajratilgan yerlarga ekilgan qovunlarning hosili bu yil o‘zgacha. Asosan, Xorazm viloyati aholisi bu qovunlarning xaridori deydi biz bilan suhbatda yoshlardan biri Jonibek Olimboyev. Eng katta qovun 10-12 kilogramm og‘irlikka ega. 1 gektar yerdan kamida 40 million so‘mgacha daromad olishni reja qilgan.
Yoshlar yetakchisi yordami bilan “Lolazor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 13 nafar yosh Navoiy ovuli fuqarolar yig‘ini hududidan 30 sotixdan yer maydoni olib, “Bir kontur – bir mahsulot” usulida karam va sabzi ekinlari yetishtirmoqda. Ayni kunlarda hosil yetishib, yig‘im-terim mavsumi boshlanish arafasida. Yoshlar bu yilgi hosildan 30 million so‘mgacha daromad olishni reja qilgan.
Adolat Qalandarova Beruniy ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. “E-auksion” platformasi orqali ijara shartnomasi bilan 1 gektar yer maydoni olib, karam va bulg‘or qalampiri ekdi. Hozirda hosil pishib yetilmoqda. Karamning har biri 8-10 kilogrammni tashkil etadi. Bu esa o‘z vaqtida berilgan e’tibor va parvarish natijasidir.
“Turon” mahalla fuqarolar yig‘inida 1 ming 348 nafar yosh bo‘lib, ularning 20 nafariga mazkur qaror asosida ajratilgan yer maydonlariga moyli va poliz ekinlari takroriy ekildi. Hudud yoshlaridan biri Abror Shamuratov bir yildan ortiq Rossiya davlatida qurilish sohasida ishlab kelgan bo‘lib, migratsiyadan yurtimizga qaytgach dehqonchilik sir-asrorlarini o‘rgana boshladi. Mahalla yoshlar yetakchisining ko‘magida “Yoshlar daftari”ga kiritilib, “E-auksion” platformasi orqali unga 30 sotix yer maydoni 30 yilga ijara shartnomasi bilan dehqonchilik qilish uchun ajratib berildi.
Takroriy ekinga kungaboqar ekilib, hozirda o‘zi qatori yoshlar bilan hosil parvarishini olib bormoqda. Afzalligi kungaboqar 80-140 kunda pishib yetiladi. O‘z vaqtida olib borilgan agrotexnik tadbirlar yaxshi hosildorlikni ta’minlaydi. Ona yurtda mehnat qilib, oilaviy daromadga hissa qo‘shsa bo‘lishligini ular o‘z mehnati bilan isbotlamoqda.
Eng asosiysi, tumanda yer bilan tillashib, nafaqat o‘zining, balki tengdoshlarining bandligini ta’minlab kelayotgan yoshlarning safi ortib bormoqda. Albatta, bu davlatimiz rahbarining yoshlarga qaratayotgan alohida e’tibor hamda g‘amxo‘rlikning, ularga berilayotgan qator imtiyozlarning ijobiy samarasidir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.