Joriy yilning 25-26 sentyabr kunlari Samarqandda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki «Hammaga barqaror infratuzilma yaratish» mavzusida to‘qqizinchi yillik boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishini o‘tkazadi.

Bu OIIBning Markaziy Osiyoda o‘tkazilayotgan birinchi yillik yig‘ilishi hisoblanadi. 9 yillik yig‘ilishiga OIIBning eng muhim tadbirlaridan biri bo‘lib, bankning yutuqlari bilan tanishish va uning strategik rivojlanish va tashabbuslari bo‘yicha tavsiyalar olish uchun katta imkoniyatdir.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ko‘p tomonlama rivojlanish banki bo‘lib, u barqaror, ekologik toza va texnologik infratuzilmani moliyalashtirish orqali Osiyoda va undan tashqarida insonlarning ijtimoiy va iqtisodiy farovonligini oshirish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi kunda OIIB 109 a’zosiga ega.

Bank barqaror infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash, transchegaraviy aloqalarni mustahkamlash va xususiy kapitalni safarbar qilishga qaratilgan. Markaziy Osiyoda OIIB mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, energiya va suv resurslari boshqaruvini yaxshilash hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda asosiy rol o‘ynaydi.

Bank tashkil etilganidan buyon O‘zbekistondagi loyihalarga 3,1 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritdi. 2024 yil boshida ushbu hamkorlik Prezident Mirziyoyev tomonidan 2,6 milliard AQSH dollariga teng davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalar uchun uch yillik kelishuv imzolanishi bilan rivojlandi.

Ikki kun davom etadigan ushbu 9 yillik yig‘ilishda infratuzilmani moliyalashtirishdagi innovatsiyalar, iqlim o‘zgarishiga moslashuv va barqaror rivojlanish hamda infratuzilma loyihalarining raqamli transformatsiyasiga bag‘ishlangan 25 dan ortiq panel muhokamalar bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda ochilish marosimi, boshqaruvchilar ishtirokidagi davra suhbati, boshqaruvchilar kengashining rasmiy sessiyasi, matbuot anjumani, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikka oid qator tadbirlar o‘tkaziladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA