Bugun Yaponiyada iste’foga chiqqan Bosh vazir Fumio Kisidaning o‘rniga nomzod saylash bo‘yicha 15 kunlik kampaniya boshlandi. Bu haqda “Kyodo news” xabar berdi.

Yuzaga kelgan noqulay siyosiy vaziyatda mamlakatdagi hukmron Liberal-demokratik partiyaga yetakchilik qilish va saylovchilar ishonchini qayta tiklash uchun rekord darajadagi to‘qqiz nomzod kurash olib boryapti. 27 sentyabrdagi saylovda kim g‘alaba qozonsa, ish haqiga nisbatan tez o‘sayotgan narx, shuningdek qat’iy Xitoy va yadro quroliga ega Shimoliy Koreya bilan ehtimoliy xavfsizlik muammosi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘ladi.

Yangi rahbar Bosh vazir bo‘lishi aniq, chunki parlament ikkala palatasini LDP va koalitsion hamkor Komeyto partiyasi nazorat qiladi. Komeyto va asosiy muxolif – Konstitutsiyaviy-demokratik partiyada shu oy rahbar o‘zgardi. LDP rahbarligi uchun 40 yosh atrofidagi ikki yigit hamda kun chiqar yurt tarixida birinchi ayol Bosh vazir bo‘lishga intilayotgan yana ikki siyosatchi asosiy da’vogar. Ularning har biri partiya faoliyatini tubdan yangilashga va’da beryapti. Kurashga qo‘shilganlardan to‘rt nafari Kisida kabinetining amaldagi a’zolari.

Xalq orasida yetarli obro‘ qozongan amaldor, sobiq mudofaa vaziri, tajribali ekspert sifatida ham ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan 67 yoshli Sigeru Isiba LDP yetakchiligini qo‘lga olish uchun beshinchi, ya’ni so‘nggi bor va harakat qilib ko‘radi. U hozirgi holatini 38 yillik siyosiy faoliyatining “eng yuqori cho‘qqisi” deb atadi.

LDPning yana bir tanish yuzi, ta’bir joiz bo‘lsa, porlayotgan yulduzi, 43 yoshli Sinziro Koizumi hisoblanadi. U otasi – islohotchi, urushdan keyingi davrning eng mashhur Bosh vazirlaridan biri Zyuin’tiro Koizumi ortidan bu yuksak lavozimni egallamoqchi. Ba’zilar Sinzironing tajribasi kamligini ta’kidlasa, boshqalar unda partiyaning yangi qiyofasiga aylanish salohiyatini ko‘rmoqda.

Kisidadan ruxsat olgandan so‘ng 61 yoshli raqamli texnologiyalar vaziri, yakkaxon siyosiy arbob, ijtimoiy media sohasini chuqur o‘zlashtirgan qonun chiqaruvchi Taro Kono amaldagi kabinet a’zolari orasida birinchi bo‘lib o‘z taklifini e’lon qildi. Ochiq, dangal gapirishi bilan tanilgan sobiq tashqi ishlar va mudofaa vaziri 2021 yil, ya’ni avvalgi saylovda Kisidaga qarshi turib, ikkinchi turda mag‘lub bo‘lgan edi.

Kisidaning o‘ng qo‘li, Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi 63 yoshli Yosimasa Xayasi partiya yetakchisi bo‘lish uchun ikkinchi marta urinib ko‘radi. Uning xuddi Isiba singari diplomatiya, ta’lim, qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalar bo‘yicha mutaxassisligi ma’lum.

71 yoshli Yoko Kamikava 20 nafar qonunchi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kutilyapti. Bu har qanday nomzod uchun zarur talab.

Hukumat boshlig‘i kursisiga marhum Bosh vazir Sinzo Abeening siyosiy qarashini yoqlagan, LDP a’zolariga murojaat qilishi kutilayotgan bir necha konservativ qonunchilar ham da’vogar. Abega yaqinligi bilan faxrlanadigan 63 yoshli iqtisodiy xavfsizlik vaziri Sanae Takaiti ikkinchi bor Yaponiyani “kuchliroq va boyroq” qilish va’dasini ilgari surgan.

Aynan shu vazirlikni avval boshqargan 49 yashar Takayuki Kobayasi va sobiq sog‘liqni saqlash vaziri 68 yoshli Katsunobu Kato esa Abe vorisi Yosixide Suge davrida hukumatning yuqori amaliga egalik qilgan. Endi ular konservativ ovozlar bo‘linishi mumkin bo‘lgan harakatga yangi kelganlar sifatida poygaga qo‘shildi.

LDP Bosh kotibi, 68 yoshli Tosimitsu Motegi hukmron partiyaning ikkinchi odami sifatida allaqachon qayiqni larzaga keltirgan.

Agar nomzodlardan hech biri 734 ovozdan mutlaq ko‘pchilik miqdorni to‘play olmasa, o‘sha kuniyoq ikki asosiy nomzod ikkinchi bosqichda masalani hal etishiga to‘g‘ri keladi.

Partiya safi va tarkibiga ovoz berish muddati – 26 sentyabr. LDP rahbari ertasiga – 27 sentyabr kuni uch yillik muddatga saylanadi. Keyin yetakchi parlamentda, ehtimol 1 oktyabrda Bosh vazirlikka tasdiqlanadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA