Vetnamda yuz bergan “Yagi” to‘foni jami 143 insonni hayotdan olib ketdi, 58 kishi hamon bedarak, deya xabar bermoqda AFP mahalliy hukumat ma’lumotiga asoslanib.

Aniqlik kiritilishicha, mamlakat shimolini qoplagan tabiiy ofat tufayli hosil bo‘lgan suv toshqini yana bir qishloqni yuvib ketgandan keyin qurbonlar soni ortgan. Shu kunning o‘zida 16 kishi hayotdan ko‘z yumib, o‘nlab odam yo‘qolgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi yomon ob-havo tufayli 210 ming gektarga yaqin yerdagi ekin nobud bo‘lganini ma’lum qildi. 700 dan ziyod fuqaro jarohat olgan. To‘fon 375 metrlik Fong Chau ko‘prigini buzib yuborgan.

“Yagi” Janubi-sharqiy Osiyoga 1 sentyabr kuni yopirilgan edi. Fojiadan Filippin, Xitoy va Gonkongda ham o‘lim holatlari qayd etildi.

Tabiiy ofatlar xavfini boshqarish va kamaytirish bo‘yicha Filippin milliy kengashi zararni 1,36 milliard peso – 27,57 million dollar atrofida baholadi.

Bu yil Osiyodagi eng kuchli siklon sifatida e’tirof etilgan “Yagi” shamolining tezligi soatiga 203 kilometrga yetdi.