FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugungi kunda Orolbo‘yida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Taxtako‘pir tumanidagi Qarateren ko‘li sohilida ham ushbu islohotlar samarasida zamonaviy dam olish maskani qad rostladi.
Ko‘l atrofini obodonlashtirish ishlari boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. O‘tgan yili bu yerlar qarovsiz cho‘l maydoni edi. Qisqa vaqt ichida qilingan ishlar, o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘zingiz yayraydi.
Go‘zal tabiati va totli balig‘i bilan qadimdan nom qozongan mazkur ko‘l atrofida bugun yirik tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan bir nechta zamonaviy o‘tovlar barpo etildi. Kelgusida Qarateren ko‘li sohili yirik forumlar, xalqaro anjumanlar o‘tkazish manziliga aylanadi.
Sohilda shuningdek, kuzatuv maydonchasi, Borshitao‘ tog‘i tepasidagi tekislikka yo‘l o‘tkazgich inshooti, uzunligi 130, balandligi 80, kengligi 3 metr bo‘lgan ko‘prik barpo etilmoqda. Turizm maskaniga olib boradigan yo‘llarga asfalt yotqizildi.
Qarateren ko‘li sohilidagi yangilanishlar allaqachon ko‘pchilikda katta qiziqish va yaxshi taassurotlarni uyg‘otmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA