Yangi ijodiy mavsum boshlanayotgan shu kunlarda mamlakatimiz teatrlari o‘zlarining eng yaxshi spektakllari bilan tomoshabinlarni mamnun etmoqda. Jumladan, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida ham bu yilgi tomosha mavsumi ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyatda boshlandi. Teatr sahnasida taniqli dramaturg Qo‘chqor Norqobilning «Uydagi gap ko‘chada» komediyasi namoyish etildi. San’at muxlislari olqish va e’tirofiga sazovor bo‘lgan mazkur asarni iste’dodli rejissyor Umrbek Bekturg‘anov sahnalashtirgan.

Mazkur sahna asarida bugungi hayotimizdagi og‘riqli muammolar negizi turli ziddiyatlar va achchiq kinoyalar orqali ta’sirchan ko‘rsatilgan. Jumladan, axloqiy tarbiya va kishilar o‘rtasida samimiyat rishtalari tobora zaiflashib, izzat-hurmat tuyg‘ulariga putur yetayotgani, ommaning mobil telefonlarga mutlaq bandi va mute bo‘lib, kitobxonlik va mutolaadan tamoman uzoqlashib borayotgani, savodsizlik kasalligi urchiyotgani achchiq kulgi zamiridagi xavotir bilan badiiy talqin qilinadi.

Eng muhimi – mazkur komediya orqali har bir tomoshabin ma’lum ma’noda o‘zi yoki yaqin atrofidagi odamlarning hayot tarzini ko‘rganday bo‘ladi.

– Taniqli adib Qo‘chqor Norqobil asarlarida personajlar xarakteri yaqqol sezilib turadi, – dedi Qoraqalpog‘iston san’at arbobi Po‘lat Aytmurodov. – Sahna asarida gavdalantirilgan har bir personaj – qahramonning o‘z yuki, eng muhimi, o‘ziga xos haqiqati bor. Shu bilan birga asardagi voqeliklar umuminsoniy g‘oyalarning keng qamrovida talqin etiladi.

– Qoraqalpoq teatrlarida atoqli dramaturg Qo‘chqor Norqobilning shu bilan oltinchi asari sahnalashtirildi , – deydi O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesboy Karimov. – Ularning har birida dolzarb, qoraqalpoq xalqi hayotiga ham aloqador mavzular qalamga olingan. Dramaturg tomoshabin ko‘nglida fikr uyg‘otadigan, ogohlikka undaydigan masalalarni ko‘ra biladi, shu bilan birga, milliy qadriyat va axloqiy tushunchalarni yuksak darajada ulug‘lay oladi.

Darhaqiqat, bungacha dramaturg Qo‘chqor Norqobilning Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida «Nur soyada qolmaydi» (rejissyor – O‘zbekiston xalq artisti Najmiddin Ansatboyev, 2011 yil), «Suv ko‘rmay etik yechma» (rejissyor – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Jalg‘ashboy Sultaboyev, 2014 yil), «Bir bola va besh ayol taqdiri» ( rejissyor – O‘zbekiston xalq artisti Najmiddin Ansatbayev, 2015 yil), «Gul olmagan go‘zallar» (Rejissyor – Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Sarsenbay Uzaqbayev, 2016 yil), Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida esa «Olmoqning bermog‘i bor» ( rejissyor – Umrbek Bekturg‘anov, 2022 yil) kabi asarlari sahna yuzini ko‘rgan. Ular hanuz qoraqalpoq teatrlarida namoyish etilmoqda.

Muallifning navbatdagi asari «Uydagi gap ko‘chada» komediyasi ham bugunning og‘riqli va dolzarb masalalarini o‘zida aks ettirgani, hayotiy voqeliklarga boy ekani, tomoshabinlarni o‘ylantiradigan muammolarni o‘zida mujassam etgani bilan uzoq yillar mobaynida sahnada o‘z o‘rniga ega bo‘lib qolishi aniq.

N.Usmonova, O‘zA