Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan maqsadlardan biri aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni yaratish hamda ular uchun qulay va maqbul muhitni yaratish bo‘lib hisoblanadi.

“Yuksalish” harakati mazkur vazifalarning ijrosi samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida hududiy qon quyish markazlari bilan hamkorlikda mamlakatimizning 14 ta hududida joriy yilning 9-13 sentyabr kunlari “Biz donormiz” qon topshirish aksiyasini o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Mazkur aksiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazida ham bo‘lib o‘tdi. Unda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Milliy gvardiya xodimlari, yoshlar va faol fuqarolar ishtirok etdi.

Aksiyadan ko‘zlangan maqsad murakkab jarrohlik amaliyotidan so‘ng og‘ir jarohatlar yoki saraton kasalligiga chalingan va qon quyishga muhtoj bo‘lgan bemorlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Shuningdek, jamiyatda o‘zaro yordam madaniyatini shakllantirish, bu jarayonning ahamiyatini keng targ‘ib qilish, donor qoni taqchilligi muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etishdan iborat.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, aholini qon komponentlari bilan ta’minlash uchun qon topshirishlar soni aholi soniga nisbatan har 1000 nafar kishiga kamida 10 nafarni yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi kerak. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2023 yilda har 1000 nafar aholiga 7,8 nafardan to‘g‘ri kelgan.

Qon topshirishning donorga ham talaygina foydasi bor. Ularning qoni doim yangilanib turishi hisobiga infarkt, insult va boshqa yurak kasalliklariga chalinish xavfi kamayadi. Qolaversa, donorlar qon topshirishdan oldin shifokor qabulida bo‘ladi. Bu doimiy ravishda salomatliklari haqida bepul ma’lumotga ega bo‘lish imkonini beradi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.