Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari qatorida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ham 2024-2025 o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, faxriy ustozlar, institut jamoasi, talaba-yoshlar hamda ularning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Bayram tadbirini institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov ochib berdi va ishtirokchilarni Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami, shuningdek, yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, yangi o‘quv yili arafasida institutning ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi 90 yillik to‘yini nishonlash arafasida turgan institut jamoasi uchun, shu bilan birga, mazkur ta’lim muassasasiga ismi berilgan Qoraqalpoq mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yilligiga munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.

Yangi o‘quv binosida zamonaviy o‘quv va ma’ruza auditoriyalari, eng so‘nggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, IT-inkubatsiya, axborot-resurs markazlari, bu yilgi o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etilayotgan registrator ofisi hamda boshqa ko‘pgina imkoniyatlar yaratilgan.

Mazkur o‘quv yilida institutning kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy ta’lim yo‘nalishlari uchun jami 2 ming 640 ta o‘rin, magistratura bosqichida 22 ta mutaxassislik uchun jami 161 ta o‘rin ajratildi. Alohida qayd etish joiz, bu yilgi o‘quv yili uchun institutda birinchi marta masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha o‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishiga qabul amalga oshirildi. Shu bilan birga, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida yangidan surdopedagogika, olegofrenopedagogika, nemis tili, psixologiya, amaliy matematika kabi ta’lim yo‘nalishlariga qabul bo‘lib o‘tdi. Ellikqal’a pedagogika fakulteti uchun bakalavriatning 6 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha alohida kvota ajratildi. Magistraturada yangidan testologiya va bilimlarni baholash mutaxassisligiga talabalar qabul qilindi.

– To‘rtko‘l tumanidagi 67-son umumta’lim maktabini tugatib, institutning Qoraqalpoq tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishiga topshirdim. Kirish test sinovlarida umumiy 170 ball to‘plab, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Mazkur dargohda O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqib, xalqimizga xizmat qilgan. Men ham ularning yo‘lini namuna deb bilib, ushbu ta’lim muassasasida o‘qishni maqsad qilgan edim. Bugun o‘z maqsadimga erishdim. Albatta, institutda bilim va ko‘nikmalarimni yanada takomillashtirib, kelajakda mamlakatimizning ta’lim sohasi rivojiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman, – deydi Go‘zal Jaqsimuratova.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov, faxriy ustoz, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Begdulla Sultanov, institutda faoliyat yuritayotgan faxriy ustozlar, shuningdek, bu yilgi kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plab, talabalikka tavsiya etilgan yoshlar hamda ularning ota-onalari so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar o‘rganishi, ilm bilan shug‘ullanib, o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishi borasida yaratilayotgan sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yangi o‘quv yilining dastlabki kuni “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.