Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev boshchiligidagi mas’ullar Qorao‘zak tumanidagi davlat dasturlari asosida olib borilayotgan qurilish ishlari sifati va ish samaradorligini o‘rgandi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha tumandagi “Qutli makon” fuqarolar yig‘ini hududidagi 33-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish ishlari bilan tanishdi.
O‘rganish davomida pudratchi tashkilot rahbari va soha mas’ullariga ta’lim ob’ekti qurilishini tez kunlarda yakunlash, hisobotlarda qo‘shib yozish va sifatsiz ishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirilish berildi.
Bundan tashqari, mas’ullar Nukus shahrining mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoqilg‘i energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha tashkil etilgan shtab a’zolari va mas’ullarning ulardan oqilona foydalanish, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan faoliyati bilan tanishishdi.
Shtab a’zolari, mahalla yettiliklari va sektor rahbarlarining ishlarni tashkil etishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yganliklari tanqid ostiga olindi. Yoqilg‘i-energiya resurslarini tejash, oqilona foydalanish, aholiga elektr energiyasi va tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berishga oid qonunchilik ijrosini so‘zsiz ta’minlashga oid qat’iy topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.