Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
–
Qozog‘istonda zaharlanib kasalxonaga yotqizilgan o‘quvchilar uyiga qaytdi
Qozog‘istondagi maktab oshxonasida zaharlangan va shifoxonaga joylashtirilgan bolalarning 43 nafari tuzalib, uyiga qaytdi, 53 o‘quvchi hamon kasalxonada qolmoqda. Ushbu mazmundagi xabarni respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tarqatgan.
Xastalik avjiga chiqqan 6 sentyabrdan beri Munayli tumanidagi 8-maktabning 466 nafar o‘quvchisi mamlakat g‘arbidagi Mang‘istau viloyatidagi tibbiyot muassasalariga olib kelingan. Isitma, ich ketishi, qayd qilish va holsizlik kuzatilgan bolalarning 96 nafari davolanish uchun yotqizilgan. Ayni payt Shoshilinch tibbiy yordamni muvofiqlashtirish markazi hamda Ostona tibbiyot universiteti yuqumli xastalikldar bo‘limi mutaxassislari va gastroenterologlari voqea joyida vaziyatni nazorat qilmoqda.
Vetnamdagi “Yagi” to‘foni qurbonlari 141 kishiga yetdi

“Reyter” agentligi Vetnam qishloq xo‘jaligi vazirligi Tabiiy ofatlarga qarshi kurashish departamentiga tayanib yozishicha, “Yagi” to‘fonida hayotdan ko‘z yumganlar 141, jarohatlanganlar 764 kishini tashkil etmoqda. 54 insonning taqdiri esa hozircha noma’lum.
VNA agentligi “Yagi” Janubiy Xitoy dengizida so‘nggi 30 yil ichida sodir bo‘lgan eng kuchli to‘fon ekanini yozdi.
Putin Turkiyaga borish uchun qiruvchi samolyotlar hamrohligini talab qildi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga safari chog‘ida o‘z samolyotiga qiruvchi samolyotlar hamroh bo‘lishini istamoqda, deb yozdi “Middle East Eye” nashri. Qayd etilishicha, RF rahbarining qaroriga Ukraina uning samolyotiga parvoz yo‘nalishi bo‘ylab hujum qilishi mumkinligidan qo‘rqish sabab bo‘lgan. Va aynan shu sabab, Anqaraga tashrif qoldirilgan.
– Moskva talabini bajarish qiyin, chunki Turkiyada NATOning havo hujumidan mudofaa tizimi joylashgan, – deyiladi xabarda. Ya’ni, Rossiya qiruvchi samolyotlari dushman nishoni sifatida qabul qilinishi mumkin.
AQSH Eron kompaniyalariga qarshi sanksiya kiritdi
AQSH “Iran Air” aviakompaniyasiga G‘arbdan ehtiyot qismlarni Eronga yetkazib berish, shuningdek Moskva va Tehron o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik uchun sanksiya kiritdi. Ushbu cheklov bir qator jismoniy va yuridik shaxslarga ham tegishli. Bu haqda Amerika davlati Moliya vazirligi hamda Davlat departamenti ma’lum qilgan.
Sanksiya Eronning eng yirik aviakompaniyasiga “Rossiyaga Eron qurolli tizimi yetkazib berishda ishtirok etishi” munosabati bilan hamda Yevropadan Eronga muhim ehtiyot qismlar va G‘arbda ishlab chiqarilgan uskunalar tashish uchun kiritilgan. Kecha Buyuk Britaniya va YeI ham Eron kompaniyalari va jismoniy shaxslariga qarshi sanksiya joriy etilishini e’lon qilgan edi.
Mark Ryutte 1 oktyabrdan vazifasini bajarishga kirishadi
NATOning yangi Bosh kotibi Mark Ryuttening inauguratsiya marosimi 1 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
– 1 oktyabr, seshanba kuni Yens Stoltenbergning NATO Bosh kotibi sifatidagi vakolati tugaydi, uning o‘rniga Niderlandiyaning sobiq Bosh vaziri Mark Ryutte keladi, – deyilgan Alyans matbuot xizmati axborotida.
Shu munosabat bilan Bryusseldagi qarorgohda vakolatni topshirish rasmiy marosim va yangi Bosh kotib ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.
Bayden Kiyevga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi mumkin

“Telegraph” gazetasi Britaniyadagi manbalariga tayanib yozishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden shu hafta Kiyevga Qirollikning “Storm Shadow” raketalaridan Rossiya Federatsiyasi hududiga zarba berish uchun foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi mumkin. Bu amaliyot Amerika tizimlari bilan tandemda ishlash uchun zarur, deya izoh bergan nashr. Binobarin, qaysi tizim haqida gap ketayotgani ochiqlanmagan.
Bu borada yakuniy qaror qabul qilinmagani, muhokama davom etayotgani ham qo‘shimcha qilingan.
Isroil harbiy vertolyoti G‘azoda halokatga uchradi
G‘azo sektorida Isroil qutqaruv vertolyoti qulashi oqibatida kamida ikki askar halok bo‘lgan, yetti kishi yaralangan. Bu haqda bugun Isroil armiyasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Vertolyot urib tushirilmagani ma’lum bo‘ldi. Halokat sababini aniqlash uchun tekshiruv davom etyapti.
Xarris jamoasi debatdan qoniqish hosil qildi

Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Xarris jamoasi respublikachi raqib Donald Tramp bilan televideniye orqali kechgan bahsdan mamnun. Uning saylov oldi guruhi a’zolarining kayfiyati bayramona. Bu xabarni CNN Xarris maslahatchilariga tayanib tasdiqladi.
Telekanal suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Kamala ko‘tarilgan masalalarni mukammal tushunishini namoyish etgan, nima rejalashtirayotganini aytgan va Trampni bir necha bor g‘azablantira olgan. Bahsdan so‘ng Xarris qarorgohida “bayramona” kayfiyat hukm surmoqda.
Avvalroq Tramp bu debatni butun siyosiy faoliyatidagi “eng yaxshisi” deb atagan edi.
S.Rahimov, O‘zA