O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tahliliga ko‘ra, 2024 yilning avgust oyida Toshkent shahrida uy-joylar uchun ijara narxlari oshgani kuzatilgan.
Tahlilga asosan bunga bir qancha omillar jumladan, sentyabr oyidan oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha kutilmalar ta’sir ko‘rsatgan.
Xususan, mazkur davrda poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari iyul oyidagiga nisbatan o‘rtacha 1,9 foizga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa 0,3 foizga oshdi. O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasiga talabning oshishi bo‘yicha kutilmalar ushbu turdagi uylar ijara narxlariga ta’sir ko‘rsatdi.
2024 yilning avgust oyida ijara narxlari iyul oyidagiga nisbatan o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun 1,3 foizga, 2 xonali uylar uchun 2,1 foizga, 3 xonali uylar uchun 1,7 foizga, 4 xonali uylar uchun esa 2,5 foizga oshdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA