Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Unda nazorat ostidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan normalar o‘z aksini topgan.
— Sud tomonidan belgilangan cheklov va majburiyatlarni bajarmagan probatsiya nazoratidagi shaxslar sodir etgan huquqbuzarliklar holatlari bo‘yicha tez va ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlar berish zarurati yuzaga kelmoqda, — dedi deputat Sardor G‘iyosov. — Ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash hamda ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, ichki ishlar organlari nomidan 185/2- va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolati probatsiya xizmatining katta inspektoriga berilyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va ularga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralarining natijadorligi oshishiga olib keladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA