Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu sanoat majmuasida umumiy qiymati 365 million dollarlik 16 ta ishlab chiqarish quvvati joylashtirilgan.

Yuqori martabali mehmonga bu yerdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar namoyish etildi. Mashhur brendlar ostida, ularning nazoratida ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, lift va eskalatorlar, nasoslar, sanoat qozonxonalari, sovitish tizimlariga bozorda talab yuqori. Bugun bu tovarlar dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.

Mehmonlar yurtimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifatini yuqori baholadi.

O‘zA