Mamlakatimizda turizm, sun’iy intellekt va neft-gaz yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda va bu borada xalqaro hamkorlik kengaymoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qatarning Doha shahrida bo‘lib, tashrif doirasida Hamad bin Xalifa universiteti (HBKU) prezidenti doktor Ahmad Hasnah bilan uchrashdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi. Tomonlar qator tashabbuslarni ilgari surib, o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi, deyiladi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuv davomida turizm, sun’iy intellekt va neft-gaz sohalarida qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etish, xalqaro konferensiyalar va tadbirlarda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi. Neft-gaz sanoatida ikki davlat ilmiy markazlari va universitetlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish rejalashtirildi.
Xususan, sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Hamad bin Xalifa universiteti bilan hamkorlik o‘rnatishi, neft-gaz sohasida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi kutilmoqda.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zА