Avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, milliy tashuvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratish har bir mamlakat iqtisodiyotida muhim bo‘g‘in sanaladi.
Transport vazirligida Xalqaro avtomobil transporti bo‘yicha O‘zbekiston – Bolgariya qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda xususan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagidan foydalangan holda Bolgariya orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yuk tashuvlari hajmini oshirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra 2024 yil uchun qo‘shimcha ruxsatnoma blankalari almashildi. Shuningdek, 2025 yil uchun ruxsatnoma blankalarini hozirgiga nisbatan 15 baravarga oshirgan holda almashishga kelishildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma’lumotida.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, mavjud yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish hamda muqobil transport koridorlarini rivojlantirish orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yuk tashuvlarini rivojlantirish maqsadida 2024 yilning 1 aprelidan Ruminiya bilan ikki tomonlama va tranzit yuk tashuvlarini ruxsatnomasiz tizimda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA