O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida parom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi, deb yozdi “Trend” nashri.

Shuningdek, tomonlar Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab transport tizimini rivojlantirish uchun qo‘shma korxona yaratishi mumkin.

Paromlar O‘zbekiston ehtiyoji uchun taqdim etiladi. Loyihani moliyalashtirish miqdori 150 million dollarni tashkil etadi. Ayni payt transport va tranzit sohasidagi sheriklikni kengaytirish uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilyapti. Ombor infratuzilmasi ham birgalikda shakllantiriladi.

22 avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznes-forum doirasidagi muzokara yakunida jami 2 milliard dollar qiymatga ega loyihalar to‘plami tasdiqlangan. 23 avgust kuni ikki davlat yetakchilarining ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvida 520 million dollarlik 7 ta loyiha tayyorlandi.

2023 yil avgust oyida O‘zbekiston tomoni Boku portidagi ombor infratuzilmasidan foydalanishga qiziqish bildirgan. Zero, 2022 yil ushbu port orqali 904 ming tonna yuk tashilib, ayni ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 65 foiz oshgan.