“O‘zatom” agentligi rahbariyati va Xalqaro atom energiyasi agentligining Texnik hamkorlik departamenti Yevropa bo‘limi direktori Eve-Kulli Kaloy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda tomonlar o‘zaro hamkorlikning asosiy jihatlari, jumladan, atom infratuzilmasini rivojlantirish va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishga qaratilgan milliy loyihalarni amalga oshirish masalalari  xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, Xalqaro atom energiyasi agentligi ko‘magida amalga oshirilayotgan milliy loyihalarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollariga ham e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni faollashtirish, jumladan, milliy loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi yadro infratuzilmasini mustahkamlash bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun ekspert uchrashuvlari va seminarlar tashkil etishga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,  

O‘zA