O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentda:

Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlarni va ma’lumotlar bazalarini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi;

yuridik yoki jismoniy shaxs (talabnoma beruvchi) tomonidan EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish so‘ralgan talabnomani (talabnoma) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga  topshirish tartibi;

talabnomani rezidentlar uchun – davlat xizmatlari markazi, vakolatli organning maxsus axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, norezidentlar uchun – vakolatli organning maxsus axborot tizimi orqali topshirish, pochta aloqasi orqali topshirish bundan mustasno;

talabnoma topshirilgandan keyingi barcha xarakatlarni vakolatli organning maxsus axborot tizimi orqali amalga oshirish;

davlat xizmatini ko‘rsatishda talabnoma beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan miqdorlarda patent bojini to‘lash tartibi;

talabnoma hujjatlarini tekshirish tartibi va muddatlari;

EHM uchun yaratilgan dastur yoki ma’lumotlar bazasini Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida yoki Ma’lumotlar bazalari davlat reyestrida avtomatik tarzda rasmiy ro‘yxatga olish va vakolatli organning maxsus axborot tizimi orqali talabnoma beruvchiga uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani yuborish tartibi belgilab berilgan.

Davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ko‘rsatiladi.

O‘zA