O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligining bir qator tarmoqlari, ayniqsa, chorvachilik yo‘nalishida hamkorlik aloqalari yanada kengaymoqda.

Xususan, Mo‘g‘uliston tajribasini O‘zbekistonda joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

4 sentyabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari» mavzusidagi xalqaro forum doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Mo‘g‘uliston oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Jadambar Yenkhbayar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Mo‘g‘uliston tomoni O‘zbekiston eng muhim strategik hamkor ekani, bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab o‘tdi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.

Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida eksport-import aloqalarini mustahkamlash borasida logistika masalasi ham dolzarb ekanligi qayd etib o‘tildi.

Vazir I.Abdurahmonov O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida imkoniyatlar kengligi, bu borada har qanday hamkorlikka tayyor ekanligini ta’kidladi.

Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA