O‘zbekistonning Janubiy Koreyaga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, protokol xizmati rahbari Kim Te Chjinga o‘z ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi.

Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda joriy yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar natijasida alohida sur’at olgan O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning joriy holati va istiqboli, shuningdek bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali muhokama qilindi.

Mezbon davlat mulozimi elchimizning o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Eslatib o‘tamiz, 29 avgust kuni Seulga borgan Elchi Alisher Abdusalomov bungacha Oliy Majlis Senati Raisi Kotibiyatiga rahbarlik qilgan. 1995-2024 yillari qisqa tanaffus bilan Seuldagi elchixonamizda rahbarlik qilgan Vitaliy Fen o‘rniga tayinlandi.