Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan qo‘shma konferensiyasining barcha ishtirokchi va mehmonlarini samimiy qutlayman.

Ushbu muhim xalqaro forumning SHHT va MDH kabi nufuzli mintaqaviy tuzilmalar bilan birgalikda tashkil etilishi bepoyon mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida yakdillik va o‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilishni yana bir bor tasdiqlaydi.

Bugungi anjuman to‘plangan tajriba va bilimlar bilan almashish, xavfsizlikka nisbatan zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan tavsiya va takliflar ishlab chiqish uchun zarur muloqot maydoni ekanini alohida ta’kidlamoqchiman.

Konferensiya kun tartibiga eng muvaffaqiyatli milliy tajribalarni o‘rganish, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik hamda fan va ta’lim sohasida almashinuvning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, ekstremizm va radikalizm g‘oyalarining tarqalishiga imkon bermaslik bo‘yicha amaliy vositalarni shakllantirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish borasidagi vazifalarga oid dolzarb masalalar kiritilgan.

Aminmanki, ertaga mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan “Sharq – Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari ham xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlarga qarshi kurashishda o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish va maxsus kuchlar bo‘linmalarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Afsuski, geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, yetakchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch taqchilligi, global xavfsizlik institutlari rolining pasayishi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashishda ochiq hamda samarali xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal g‘oyalarni targ‘ib etish bo‘yicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora ko‘p amalga oshirilmoqda.

Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari “onlayn manqurtlashtirish” qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda.

Shu bois qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va MDH Aksilterror markazi faoliyati doirasida bunday xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni o‘tkazish eng muhim vazifalar hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasi keng qamrovli, inklyuziv va tizimli yondashuvga asoslangan bo‘lib, profilaktik va preventiv choralarni qo‘llash hamda vaqtida amaliy javob qaytarishni o‘zida mujassam etadi. Jamiyatda hamjihatlik muhitini mustahkamlash va ochiq muloqotni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini yaratish va aholining ishonchli ijtimoiy himoyasini ta’minlash bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.

Shu bilan birga, biz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ilgari surish, qonun ustuvorligi tamoyiliga so‘zsiz rioya etishni terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishning fundamental asosi deb hisoblaymiz.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya izchil amalga oshirilmoqda, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, “qaynoq nuqtalar”dan qaytarib olib kelingan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda BMTning Aksilterror boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil etildi, to‘liq miqyosdagi sheriklikning yangi “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Murojaatimning yakunida shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, mintaqada mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida yaqin hamkorlik va mamlakatlarimiz maxsus xizmatlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish kelgusida ham davlatlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Konferensiyaning barcha ishtirokchilariga samarali bahs-munozaralar va muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti