Bundan 30 yil muqaddam, ya’ni 1994 yil 4 sentyabr kuni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Parij shahrida o‘tgan sessiyasida taekvondo WT sport turining rasman Olimpiadaga qabul qilinganini e’lon qilgan.

2000 yil Avstraliyaning Sidney shahridagi Olimpiya o‘yinlarida ilk bor taekvondo bahslari o‘tkazildi.

2006 yil Vetnam poytaxti Xoshimin shahrida Bosh Assambleya tomonidan 4 sentyabr sanasi «Butunjahon taekvondo kuni» deb e’lon qilindi. Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan mazkur sport turi yoshlarimiz orasida jadal ommalashmoqda. Muhimi, yoshlar orasida bu sohada yuksak marralarni zabt etayotgan sportchilar kamol topmoqda.

Hozirgi kunda Ulug‘bek Rashitov, Shuhrat Salayev, Jasurbek Jaysunov, Svetlana Osipova, Ozoda Sobirjonova, Feruza Sodiqova, para taekvondo bo‘yicha Asadbek Toshtemirov, Guljanoy Naimova hamda Ziyodaxon Isoqova kabi Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon hamda qit’a chempionlari bor. Ularga havas qilgan holda mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanayotganlar soni 30 mingga yaqinlashdi.
Keyingi yillarda taekvondo WT sport turi bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar soni ortib, yangidan yangi marralar zabt etilmoqda. Bunga misol qilib joriy yilda Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Ulug‘bek Rashitovning o‘z faoliyatida ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritgani va mamlakatimiz taekvondo tarixida yangi sahifa ochganini keltirish mumkin.

Shuningdek, U.Rashitov o‘tgan yili Parij shahrida o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida g‘alaba qozonib, ketma-ket ikki bor turnir chempioniga aylangan ilk o‘zbek taekvondochisi bo‘lgan edi. Shu bilan birga, yurtimizda xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani natijasida 2022 yil Svetlana Osipova jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan, «Parij-2024» Olimpiadasida kumush medalga sazovor bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol taekvondochiga aylandi.

Bundan tashqari, bir necha kun avval Parij shahrida o‘tayotgan XVII Paralimpiya o‘yinlarida hamyurtlarimiz Asadbek Toshtemirov oltin, Guljanoy Naimova hamda Ziyodaxon Isoqova kumush medallari bilan taqdirlandi.

Bu yutuqlar zamirida yurtimizda sportga qaratilayotgan e’tibor, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi tomonidan olib borilayotgan tizimli va aniq reja asosida olib borilayotgan samarali ishlar mujassam. Umid qilamizki, o‘zbek taekvondochilari yutuqlari bardavom bo‘ladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA