“Xalqaro minbar” loyihasida yaqinda O‘zA mehmoni bo‘lgan Qatarning tajribali, ko‘zga ko‘ringan va obro‘li jurnalistlardan biri – “Ash-Sharq” bosh muharriri Jobir Salim Al-Harmiyning “Infratuzilma iqlim o‘zgarishi bilan kurashishga tayyormi?” sarlavhali maqolasi taqdim etilmoqda.

So‘nggi uch yil Fors ko‘rfazi va Arabiston yarim oroli iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ulkan voqealarga guvoh bo‘ldi. Ayni holat bir jihatdan Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi (FKHK) mamlakatlariga yog‘ayotgan qor va yomg‘ir miqdori bilan belgilanadi. Bu hodisalar qator mamlakatlarda g‘ayri oddiy toshqinlar keltirib chiqardi. Mintaqada misli ko‘rilmagan rekordlar qayd etdili. Fors ko‘rfazi va arab mamlakatlari mintaqa guvohi bo‘layotgan misli ko‘rilmagan iqlim o‘zgarishiga yorqin guvohdir.

FKHK tarkibidagi davlatlar infratuzilma, turar-joy, ma’muriy va tijorat binolari, minoralar bilan bog‘liq shart-sharoit, vaziyatni o‘rganishi zarur. Buning uchun qator chora-tadbirlarni, masalan “Qurilish kodeksi”ni o‘zgartirish, yangilarini ishlab chiqish talab qilinadi.

Ko‘p yillar davomida e’tibor berilmagan bu masala mantiqsiz “hadik”dan boshqa narsa emas, deb ishonilgan. Aslida, bugun biz ko‘rfazning ba’zi hududlariga yog‘ayotgan yomg‘ir miqdori bilan bog‘liq mutlaqo notanish manzara bilan ro‘baro‘ keldik. Shuningdek, vaqt va jamiyatni hushyorlikka chaqiradigan ko‘rsatkichlar, qurilish darajasi, turli yo‘nalishlar bo‘yicha barcha tartib-qoida, kelgusi qadamlar, shu bilan birga barcha manfaatdor tomonlarning kelishuvga tayyorlik darajasini qayta ko‘rib chiqish fursati yetdi.

Umuman, Fors ko‘rfazi mamlakatidagi qurilish standarti, albatta, qayta ko‘rib chiqilishi, paydo bo‘ladigan ma’lumotlarga mos keladigan yangi standart yaratish haqida o‘ylash, hozir mavjudlarini yangilash ustida ishlash kerak.

Ko‘rfaz hamkorlik kengashi mamlakatlari iqlim sharoiti va geografik tabiati bir-biriga o‘xshash. Bu holat yaqin hamkorlik, muvofiqlashtirish va integratsiya talab qiladi, munosabatni mustahkamlaydigan jihatlarni qidiradi, hamkorlar qurilishga yangi poydevor qo‘yish uchun birga harakat qilishini taqozo qiladi.

Bu borada asosiy mas’uliyat Ko‘rfaz mamlakatlari infratuzilmasini arab dunyosida eng yuqori darajaga chiqaradigan, sohaga yetarli mablag‘ ajratiladigan, shu orqali muayyan rejani amalga oshiradigan va holatni nazorat qiladigan sektorlar zimmasiga tushadi.

Qurilish sektoriga ajratiladigan byudjetda o‘tmish xatolarini takrorlamaslik, ko‘proq yomg‘irli ob-havo talabiga javob beradigan va chidamli loyihalarga sarmoya kiritiligi kerak.

Yana bir muhim masala bor: suv drenaji inshootiga texnik xizmat ko‘rsatish jarayoni. Afsuski, tez-tez yomg‘ir sharoitida hozirgi drenajlar ishlamaydi, chunki muntazam parvarishlanmagani sababli chang, kir bilan to‘lgan. Shuning uchun muntazam ta’mirlashga ustuvor e’tibor berish lozim.

Boshqa tomondan yomg‘ir miqdoriga investitsiya kiritish fursati ham keldi. Fors ko‘rfazi mamlakatlariga yog‘ayotgan yomg‘irni strategik suv zaxirasiga aylantirish uchun investitsiya kiritish mumkinmi?

Mintaqada suv muammosi dolzarb hayotiy muammo sanaladi. Suvni tuzsizlantirish, yomg‘ir yordamida yer osti suvi manbalarini to‘ldirish ustida ishlash orqali suv zaxirasi yaratish mintaqa mamlakatlari va kelajak avlodlarni suv tanqisligi xavfidan himoya qiladigan strategiya hisoblanadi.

Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA