Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugungi kuni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki jahon hamjamiyatining nigohida bo‘lmoqda.
Hududda amalga oshirilayotgan qurilish hamda bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Rossiya Federatsiyasi hamda Qozog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan qoraqalpoq milliy madaniy markazlari faollarining bir guruhi yurtimizga tashrif buyurdi.
Mehmonlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun dastlab Taxtako‘pir tumanining chekka “Dao‘qora” ovul fuqarolar yig‘iniga press-tur tashkil etildi. “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari hududdagi Qarateren ko‘li sohilida bugungi kuni zamonaviy dam olish maskanini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ko‘l atrofini obodonlashtirish ishlari boshlanganiga unchalik ko‘p bo‘lmadi. O‘tgan yili bu yerlar qarovsiz qolgan cho‘l maydoni edi. Qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Darhaqiqat qadim tarix ramziga aylangan, asrlar osha o‘zining shirin balig‘i bilan nom qoldirgan ko‘l atrofida bir nechta zamonaviy o‘tovlar, yirik tadbirlar, muloqotlar va anjumanlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Kelgusida Qarateren ko‘li sohili yirik forumlar, xalqaro anjumanlar o‘tkazish manziliga aylanadi.
Bu yerda kuzatuv maydonchasi, Borshitao‘ tog‘i tepasidagi tekislikka yo‘l o‘tkazgich inshooti, shuningdek, uzunligi 130 metr, balandligi 80 metr, kengligi 3 metr bo‘lgan ko‘prik barpo etilmoqda. Turizm qon tomiri hisoblangan yo‘l masalasi hal bo‘ldi va o‘nlab kilometr asfalt yotqizildi.
– O‘zim ushbu yurt farzandiman. Taxtako‘pir tumanida tug‘ilib o‘sdim – deydi qozog‘istonlik Luiza Orinbetova. – Bundan 30 yil avval, Qozog‘istonga ko‘chib ketdik. Hozir Ostona shahrida shifokor bo‘lib ishlayman. Bu yerlar qarovsiz qolgan edi. Avtobusda kelayotib bizga nimalarni ko‘rsatar ekan deb o‘ylagan edim. Qisqa vaqt mobaynida ko‘l sohilida amalga oshirilgan ishlar meni ham boshqalarni ham hayratda soldi. Endilikda oila a’zolarimizni ham olib kelish niyatidaman. Rossiya Federatsiyasi hamda Qozog‘iston Respublikasidan mehmonlarni taklif qilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildiramiz.
Qurilish ishlari tugashiga juda oz qoldi. Ob’ektning ochilishi sabab mamlakatimizning chekka hududi Dao‘koraga, uning ajralmas qismi Qarateren ko‘liga yana qaytamiz.
Ko‘l sohilidan katta taassurotlar bilan qaytgan mehmonlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Nukus shahrida barpo etilgan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpog‘iston filialida, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialida, “Nukus Elestroapparat” korxonasida va “Oqqush” majmuasida bo‘ldi.
Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish jarayonlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat+video), O‘zA.