Bosh prokuratura binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda «Energiya samaradorlik» elektron platformasi imkoniyatlari tushuntirib berildi.

Unda qayd etilishicha, ushbu platformada energiya resurslarini iqtisod qilishning qo‘shimcha manbalarini aniqlash, energiya resurslarini iqtisod qilish ko‘rsatkichlarining bajarilishi xususida ma’lumotlar jamlanadi.

Yig‘ilishda hisobotlarni yuritish tartibi, ya’ni quyosh panellari, geliokollektor, reaktiv kompensatorlarni o‘rnatish, tabiiy gaz uskunalarini tejamkoriga almashtirish va boshqa tashkiliy-texnik tadbirlarni fotosuratlar bilan tasdiqlagan holda platformaga kiritish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

«O‘zenergoinspeksiya» va Bosh prokuratura mas’ullari ishtirok etgan ushbu tadbir yakunida energiya resurslarini iqtisod qilish chora-tadbirlarining so‘zsiz bajarilishi, elektron platforma tizimini to‘liq joriy etish, platforma imkoniyatlarini doimiy yangilab borish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA