AQSHning Sent-Luis shahrida poyoniga yetib borayotgan «Sinquefield Cup-2024» turnirining 8-turidagi barcha uchrashuvlar durang bilan yakunlanishi ortidan fransiyalik Alireza Firuzja g‘oliblikni deyarli ta’minlash ostonasiga yaqinlashgan bo‘lsa, undan 1 ochko ortda qolayotgan Fabiano Karuana asosiy ta’qibchiga aylanib oldi.
Bugun, 28 avgust kuni o‘tkaziladigan 9-tur o‘yinlari nufuzli turnirda o‘rinlar taqsimotida kimning qaysi pog‘onadan joy olishini belgilab beradi.
Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov so‘nggi tur bahsida oq donalarda Yan Nepomnyashiy bilan kuch sinashsa, muddatidan avval g‘oliblikka asosiy da’vogarligini ko‘rsatishga ulgurgan Alireza Firuzja oq donalarda Rameshbabu Pragnanandxa bilan ro‘baro‘ keladi.
Shuningdek, 9-turda shaxmat ishqibozlari Dommaradju Gukesh – Uesli So, Fabiano Karuana – Anish Giri, Maksim Vashe Lagrav – Din Lijen uchrashuvlariga guvoh bo‘ladi.
Kecha poyoniga yetgan 8-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda jahon chempioni Din Lijenga qarshi harakatlandi. Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvning 23-yurish holatidagi uch marta qayta yurish vaziyatida tomonlar murosaga keldi. Ushbu durang o‘z navbatida, Nodirbek Abdusattorovga ochkolari sonini 4 taga yetkazishi asnosida turnir jadvalining 4-pog‘onasiga ko‘tarilib olish imkonini yaratdi.
Voqealar rivojidan oldinga o‘tib aytish mumkinki, Nodirbek Abdusattorov – Yan Nepomnyashiy «dueli»da hamyurtimiz g‘alabaga erishsayu, Fabiano Karuana Nish Giriga imkoniyatni boy berib qo‘ysa, hamyurtimiz o‘z-o‘zidan musobaqani 2-o‘rinda yakunlab, mukofot jamg‘armasida belgilangan 65 ming AQSH dollariga ega chiqadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA