“Telegram” asoschisi, rossiyalik tadbirkor Pavel Durovning hibsga olinishi kompaniya ilovasini yuklab olish ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “The Sun” xabar tarqatdi.

Nashr yozishicha, “Telegram” AQSHdagi eng yaxshi mobil ilovalar reytingida 18-pog‘onadan 8-o‘ringa ko‘tarildi. Bu 2023 yil 1 yanvardan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ushbu tarmoq Fransiyada ham “App Store” do‘konida yetakchilikni qo‘lga oldi va barcha turdagi ilovalar orasida ommabopligi bo‘yicha uchinchi qatorni band etdi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Pavel Durov Parij yaqinidagi Le-Burje aeroportida qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, u Fransiyada qidiruv e’lon qilinganlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Poytaxt prokuraturasi tadbirkorga qarshi hokimiyatga ma’lumot berishdan bosh tortish, firibgarlik va giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlik, bolalar pornografiyasida ishtirok etish, kiber jinoyat, pul yuvish singari 12 xil ehtimoliy ayblovni sanab o‘tgan.

Prezident Emmanuel Makron dushanba kuni Durov hibsga olinishi “siyosiy qaror” emasligini aytdi.

– Pavel Durov hibsga olingandan keyin Fransiya haqida noxolis ma’lumotlarni o‘qiyapman, – deb yozgan Makron ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Mamlakatimiz hozir har qachongidan ko‘proq so‘z va muloqot, innovatsiya va tadbirkorlik erkinligiga ruxsat bergan, shunday bo‘lib qoladi ham.