Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildirishi ta’kidlandi.

–Chindan ham, sizlar g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir.

Bu tarixiy g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 4-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

Bu natijalar O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan yutuq ekani qayd etildi.

O‘zA