O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev ushbu davlat “ESB Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi maslahatchisi, xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Gaetano Krishi bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Samarqand shahridagi “Shirin” zamonaviy biznes markazi va turar-joy majmuasi qurilishini tezlashtirish masalasi muhokama qilindi. “ESB Group” Italiya me’moriy an’analari va zamonaviy texnologiyaga tayangan holda turar-joy, sport, ta’lim ob’ektlarini birlashtirgan, 20 gektar maydonni egallaydigan majmua loyihasini ishlab chiqmoqda.
Muzokara chog‘ida kompaniya vakili seysmik jihatdan faol hududda bino barqarorligini ta’minlashga a’lohida e’tibor qaratilishini ta’kidlab, bu borada korxona boy tajribaga egaligini bildirdi.
Gaetano Krishi so‘zlariga ko‘ra, yurtimizda barpo etilayotgan Yangi Toshkent, Buxoro Siti kabi loyihalar O‘zbekistonning yangi xalqaro sheriklar uchun jozibadorligini oshirmoqda.
O‘zA