Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Ozarbayjonning birinchi vitse-prezidenti, Haydar Aliyev fondi prezidenti Mehribon Aliyeva faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari, Tashqi ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi rahbariyati, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator xorijiy diplomatik korpus vakillari, mazkur universitetning professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev, ozarbayjonlik olima Parvana Aliyeva, Tojikiston Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdurahmon Rahmonzoda va boshqalar qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik, birodarlik aloqalari tobora ravnaq topib borayotganini ta’kidladi.
– Ushbu kitoblar taqdimotining ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur ma’rifiy tadbirlar Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida bo‘lib o‘tmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, ushbu universitet rektori Sodiq Safoyev. – Yuksak saviyadagi ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekani bilan diqqatga sazovordir. Tashrif davomida bizning qardosh davlatlarimiz nainki hamkor, balki Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuqori cho‘qqisidir. Shu bilan birga davlatlararo kengash bo‘lib o‘tdi. Bunday hamkorlik ikki mamlakat manfaatlari uchun g‘oyat muhimdir. Ayni paytda ikki davlatning ta’lim va fan, madaniyat sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish, oliy o‘quv yurtlari forumini tashkil etish, bir qator hamkorlikdagi ma’rifiy-ilmiy loyihalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgani bilan ahamiyatlidir.
Aytish kerakki, «Mehribon Aliyeva G‘alaba qozongan sarkardaning nafis kuchi» (Kitob muallifi Oygul Bagirova) deb nomlangan kitobda Mehribon Aliyevaning shaxsiyati, hayoti, serqirra faoliyatining barcha jabhalari har tomonlama va atroflicha tahlil etilgan. Shu bilan birga nashrda prezident Ilhom Aliyev rahnamoligida Ozarbayjonda erishilgan yutuqlar e’tirof etilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur nashrning taqdimoti O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining bir-birini yaqinroq bilishga, ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishining yana bir dalilidir.
– Bu mening ikkinchi kitobim, – dedi asar muallifi Oygul Bagirova. – Ilk kitobim Ozarbayjon Oliy Bosh Qo‘mondoniga bag‘ishlangan «G‘olib sarkarda» asari edi. «Mehribon Aliyeva G‘alaba qozongan sarkardaning nafis kuchi» deb nomlangan kitob Ozarbayjon Respublikasining birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyevaning serqirra faoliyati, Vatanga sadoqati va fidoyiligi haqida hikoya qiladi. Kitob olti fasl, 32 maqoladan iborat. Ushbu kitobni yozish men uchun katta mas’uliyat va sharafdir.
Tadbir davomida shuningdek, Zarifa Guliyevaning «Zafar tariximizning fotihlari» deb nomlangan asarining ham taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki davlat, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari yangi taraqqiyot bosqichiga kirgani, ushbu hamkorlikni yanada ravnaq toptirish masalalari xususida atroflicha fikr yuritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri