Qirg‘izistonning Issiqko‘l shahrida bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha yakuniga yetgan jahon chempionatida mamlakatimiz vakillari munosib natijalarga erishdi.
20 dan ortiq davlatning 700 nafar polvonlari ishtirok etgan jahon chempionati bahslari yoshlar, kattalar va o‘smir bolalar hamda xotin-qizlar o‘rtasida tashkil etildi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilgan qizg‘in bahslar sarhisobiga ko‘ra, 19 ta oltin, 21 ta kumush 16 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, barcha yo‘nalishlar jamlanmasida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.
Aytish lozim, jahon chempionati musobaqalarida Rossiya Federatsiyasining 200 nafar, Qozog‘istonning 120, mamlakatimizning 45 nafar sportchilari o‘z yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Milliy terma jamoalar ko‘rsatkichlariga binoan estafetada kattalar o‘rtasida 1-o‘rin O‘zbekiston, 2-o‘rin Rossiya, 3-o‘rin Qozog‘iston jamoasiga nasib etdi. Yoshlar o‘rtasida 1-o‘rin O‘zbekiston, 2-o‘rin Rossiya, 3-o‘rin Qirg‘iziston vakillariga tegishli bo‘ldi.
Jahon chempionatining o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarida umumjamoada rossiyalik sportchilar birinchi, mamlakatimiz vakillari ikkinchi, qirg‘izistonlik polvon yoshlar uchinchi o‘rinni egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA