O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Dunyoda tili, urf-odatlari, madaniyati, hatto tashqi ko‘rinishi jihatidan bir-biriga o‘xshab ketadigan millat va elatlar ko‘p. O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini ana shular qatoriga bemalol qo‘sha olamiz. Suhbatlashsa o‘rtaga tilmoch kerak emas. Ular bir-birining yurtiga mehmonga borsa o‘zlarini begona his qilmaydi. Fe’l-atvori, insoniyligi va mehnatkashligi o‘xshab ketadi. O‘xshashlik esa ko‘ngillarni yaqin qilaveradi.

Bu ikki buyuk xalqni asrlar mobaynida bir-biriga bog‘lab kelgan rishtalar bisyor. Xalqlarimizning mushtarak yodgorligi hisoblanmish “Avesto”, “Oshiq G‘arib”, “Go‘ro‘g‘li” singari qadimiy yodgorliklar azaliy qardoshlik, do‘stlik va birodarlikning yorqin isbotidir. O‘zbek maqomlari va Ozarbayjon mug‘omlari orasidagi hamohanglik har ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlikni o‘zida ifodalaydi. Nazm mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy buyuk Sharq mutafakkirlaridan biri Nizomiy Ganjaviyni o‘z ustozlaridan biri sifatida e’tirof etgan. O‘z navbatida, Muhammad Fuzuliy Hazrat Navoiyning izdoshlaridan sanaladi.

Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston – Ozarbayjon o‘rtasidagi keng qamrovli munosabatlar yanada mustahkamlanib, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yuqori bosqichga ko‘tarildi.

23 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.

Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda Ozarbayjon Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif qildi. O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat madhiyalari yangradi.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdilar.

O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.

– Bugun biz Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolaymiz. Bir necha yil davomida biz birgalikda O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, ko‘p qirrali hamkorlikni ilgari surish va uni aniq mazmun bilan boyitishning samarali mexanizmiga aylanishi lozim bo‘lgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Parlamentlar, hukumatlar, tarmoq idoralari va hududlar o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, forum va ko‘rgazmalar, ko‘plab madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda.

Ta’kidlanganidek, kelgusi yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadi.

Davlatimiz rahbari ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash maqsadida tadbirlar dasturi va bir yilga mo‘ljallangan Idoralararo muloqot va almashinuvlar rejasini tayyorlashni taklif etdi.

Bundan tashqari, kelgusi yilni O‘zbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy kooperatsiyasi yili deb e’lon qilish va 20 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan kompleks dasturni qabul qilishga kelishib olindi.

Tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga o‘tish, jumladan, uchinchi davlatlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi: umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu energetika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalaridir.

Shu ma’noda, O‘zbekiston – Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida samarali ish olib borayotgani qayd etildi.

Transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, ko‘p tomonlama asosda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish, yer usti va havo transporti bo‘yicha tartib-taomillarni imkon qadar yengillashtirish, raqamli yechimlarni joriy etishga kelishib oldilar.

Hududlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. 2025 yilga mo‘ljallangan alohida Hududlararo hamkorlik rejasi, ikki mamlakat hududlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha sheriklik dasturini qabul qilish hamda navbatdagi Hududlar forumini Qo‘qon shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va axborot siyosati, sport sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat yetakchi universitetlari rektorlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma media forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

O‘zaro sayyohlar oqimini, gumanitar va biznes almashinuvlarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtlarimizda turizm va ishbilarmonlik majmualarini qurish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarni axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik salohiyatini chuqur tahlil qilish va yuzaga chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Yig‘ilish yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga qaror qilindi.

Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi qarorini qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

– Mehnat faoliyati va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

– Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;

– Maktabgacha ta’lim, kasb-hunar ta’limi, o‘rta maxsus, oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnomalar;

– 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

– 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi harakatlar rejasi;

– O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi o‘rtasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

– O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi Adliya akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Ozarbayjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Sud ekspertizasi markazlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma.

Tashrif doirasida Toshkent va Boku, Shahrisabz va Baylagan, Jizzax va Guba shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar va boshqa ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o‘tkazilgan muzokaralar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda tarixiy voqea bo‘lganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etdi. Bu, O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochilganini anglatadi va tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni har taraflama rivojlantirishga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi.

Tashrif davomida ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali mexanizmi bo‘lishi ko‘zda tutilgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti yil boshidan buyon Hukumatlararo komissiya majlislari, siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar, parlament a’zolari uchrashuvlari, hududlar forumi, shuningdek, bir qator madaniy va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazilgani ushbu sammit muvaffaqiyatining poydevori bo‘lganiga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston qardosh Ozarbayjonning ulkan yutuqlaridan xursand.

Davlatimiz rahbari qardosh mamlakatda iqtisodiyot, sanoat jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi yaxshilanayotganini ta’kidladi. Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy ozarbayjon yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.

Ijtimoiy infratuzilma va ishlab chiqarish ob’ektlari faol qurilayotgan Qorabog‘ qayta tiklanayotganiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Ozarbayjonni bu olijanob ishda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

– Ozarbayjon bizning muhim strategik hamkorimiz va ittifoqchimizdir. Bizni mushtarak tarixiy ildizlarimiz va ko‘p asrlik do‘stligimiz, yagona din, o‘xshash madaniyat va an’analar bog‘lab turadi. Bularning barchasi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda, – dedi O‘zbekiston rahbari.

Uchinchi mamlakatlardagi istiqbolli loyihalarda birgalikda ishtirok etish bo‘yicha ishlanmalar mavjudligi aytildi. Shu ma’noda, bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Transport bog‘liqligini, shu jumladan, Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar “yashil” energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Estrada san’atining afsonaviy yulduzlari Farrux Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘lining yuksak xizmatlari e’tirofi sifatida Prezidentlar ularga ikki mamlakatning “xalq artisti” faxriy unvonlarini berishga qaror qildilar.

Yakunda davlatimiz rahbari ozarbayjonlik hamkasbiga taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Samarali muzokaralar natijalari O‘zbekiston – Ozarbayjon aloqalarini yanada rivojlantirishga kuchli turtki berishiga hamda qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Tadbirda Ozarbayjonning PASHA Holding, SOCAR, SOFAZ, Agalarov Development, Silk Way Group, Matanat, Sarda Group, AzerGold, Azermash, Ozarbayjon investitsiya xoldingi, “Ozarbayjon temir yo‘llari”, “Alyat” erkin iqtisodiy zonasi va boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Prezidenti ishbilarmonlarni samimiy qutlab, ularning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirishdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.

– Sizlar innovatsiyalarni dadillik bilan joriy etib, korxonalar va ish o‘rinlarini yaratib, iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘layapsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday shaklda ilk bor o‘tkazilayotgan tadbir ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligida yangi bosqichni boshlab berishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bugungi sammitning salmoqli natijalari haqida mamnuniyat bilan so‘zladi. Muzokaralarda hamkorlikning keng qamrovli kun tartibi muhokama qilinib, istiqbolli “o‘sish nuqtalari” belgilab olindi. Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

– Biz davlatlararo hamkorlikning eng yuqori bosqichiga chiqdik va O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarida amalda yangi sahifa ochdik, – dedi O‘zbekiston rahbari.

Muzokaralarning asosiy yakunlari sifatida mamlakatlarimizda biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, birgalikda tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda bu borada katta yutuqlarga erishildi. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni bir necha barobar oshdi, qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hududlararo almashinuvlar faollashdi, qo‘shma Investitsiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimiz O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari tomonidan e’lon qilingan Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishda aynan biznes asosiy drayver bo‘lishi va hal qiluvchi rol o‘ynashi kerakligini alohida ta’kidladi.

Bu hamkorlikning 20 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha istiqbolli loyihalardir.

– Biz hurmatli Ilhom Haydarovich bilan bir fikrdamiz: hamkorlik kelajagi biznesga bog‘liq, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning ertangi kuni sizlarga bog‘liq, – deya xulosa qildi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning samarali va qulay faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlariga minnatdorlik bildirib, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalari haqida ma’lumot berdilar.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Toshkent shahrida mehmonxona va turar joy majmualarini barpo etish, Qashqadaryo viloyatida qurilish materiallarini ishlab chiqarish, Ozarbayjonda to‘qimachilik klasterlari hamda tikuvchilik fabrikasini tashkil etish va boshqa loyihalar shular jumlasidan.

Prezidentlar ushbu loyihalarga start berar ekan, ular o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari bilan birgalikda ikki mamlakat san’at ustalarining konsertida ishtirok etdilar.

O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini umumiy tarixiy ildizlar, yagona din, o‘xshash madaniyat va urf-odatlar bog‘lab turadi.

Prezidentlarning irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

O‘zbekistonda ham, Ozarbayjonda ham ikki mamlakat madaniyat arboblarining ijodiga katta hurmat va mehr bilan qarashadi. Prezidentlar farmoni bilan afsonaviy xonandalar Farrux Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘liga “xalq artisti” faxriy unvonlari berildi.

Konsert o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi, uyg‘un an’ana va qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.

Iste’dodli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarda madaniyatlarimizning boyligi va rang-barangligi, shu bilan birga, mushtarakligi va o‘ziga xosligi mujassam bo‘ldi.

Shu bilan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari