Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida barpo etilgan dunyodagi eng katta qoraqalpoq milliy o‘tovi Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilganligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirliklar, korxona, tashkilot, muassasa, oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, nuroniylar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, davlatimiz rahbarining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T.Xudaybergenov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ushbu tarixiy voqea bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Nukus shahrida 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotidan so‘ng “Oqqush” majmuasida tashkil etilgan o‘tovlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirgan edi. Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasi asosida ellik gektardan ortiq maydon obod qilinib, ko‘plab o‘tovlar barpo etildi. “OROL AGRO” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qurilgan katta o‘tovning diametri 42, balandligi 22 metrni tashkil etadi. Majmuada tashkil etilgan qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirg‘iz, boshqird kabi turkiy xalqlarning hamda Qoraqalpog‘iston tumanlarining o‘tovlarida qardosh ellarimiz tarixi, madaniyati va turmush tarzi o‘z ifodasini topgan.
Tadbirda qoraqalpoq milliy o‘tovi Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilganligi to‘g‘risidagi sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.