O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Nukus yoshlar texnoparki faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi har yili kamida bir marta:

tegishli hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning yechimiga qaratilgan yangi turdagi mahsulot va texnologik yechimlarning prototiplarini yaratish uchun alodida startap loyihalar tanlovini e’lon qilishi;

qoida tariqasida, har yili oktyabr oyida Orolbuyi mintaqasida ekologik muammolar yechimiga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan konferensiya o‘tkazishi;

iqtisodiyot sohalaridagi korxonalar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda joriy etishga tayyor loyihalar ko‘rgazmasini tashkil etishi belgilab berilgan.

Agentlik tomonidan Nukus yoshlar texnoparki va hududlarda tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparklaridagi muvaffaqiyatli startap loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi, ularning mualliflarini robototexnika, mexatronika, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha har yili qisqa muddatli xorijiy stajirovkaga yuborish bo‘yicha alohida tanlov tashkil etiladi.

Agentlik tomonidan ilmiy-innovatsion akselerator va biznes- inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor talaba yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish maqsadida 2025 yildan boshlab texnoparklarda “InnoX” biznes-inkubator dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

“InnoX” biznes-inkubator dasturi g‘oliblarining ilmiy g‘oya, startap va ilmiy loyihalari “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasidagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtiradi.

O‘zA