Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Belarus elchisi Pavel Utyupinni chaqirib, kechayotgan jarayonga nisbatan Ostona pozitsiyasini baholashda ob’ektivlikka chaqirgan. Bu ma’lumotni idora matbuot xizmati tarqatgan.

– Vazir (Qozog‘iston TIV rahbari Murat Nurtleu – tahririyat) ta’kidlashicha, Qozog‘iston BMT Nizomi va xalqaro huquq me’yoriga amal qilgan holda, muvoznatlashgan va tinchlikparvar tashqi siyosat yuritmoqda, – deyilgan bayonotda. – Ostona davlatlar o‘rtasida yuzaga kelgan har qanday muammoni siyosiy-diplomatik vositalar orqali yechish zarurligi masalasida sobit.

Qo‘shimcha qilinishicha, mamlakatning hozirgi geosiyosiy sharoitda olib borayotgan tashqi siyosati samaradorligi isbotlanmoqda.

19 avgust kuni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko ushbu qo‘shni davlatga nisbatan “Rossiyadan nimadir olmoqchi bo‘ladi, lekin evaziga hech narsa bermoqchi emas”, degandi. Shuningdek, u Qozog‘istondagi 2022 yil yanvar voqealarni esladi. KXSHT tinchlikparvar kuchlari mamlakatga kiritilganini ta’kidlab, Qozog‘iston o‘shanda Xitoy, Hindiston yoki Pokistonga emas, balki Rossiyaga murojaat qilganiga urg‘u berdi. Moskva Minsk bilan birga yordamga kelgan, deya qo‘shimcha qildi yetakchi.