“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining “BB-” barqaror darajadagi xalqaro kredit reytingini qayta ko‘rib chiqdi.

Unga ko‘ra, agentlikning joriy yil 20 avgustdagi hisobotida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning xalqaro indikativ reytingi “BB-” “Barqaror” darajada qayta tasdiqlangan.

Qayd etish lozimki, xalqaro reyting agentligi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari”AJning nafaqat moliyaviy-iqtisodiy va biznes strategiyasi holati, balki moliyaviy modelining barqarorligi,  korporativ boshqaruv tizimi va boshqa yo‘nalishlari ham chuqur o‘rganildi va tahlil qilindi.

Ushbu reyting jahonning investitsiya bozorlarida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJni aniq va ravshan biznes strategiyasi, shaffof moliyaviy holati va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega korxona sifatida tanitadi.

O‘z navbatida, qo‘lga kiritilgan mazkur yutuq kelgusida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan birga, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish imkoniyatini beradi, deyiladi mazkur tashkilot xabarida.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA