BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal O‘zbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan uchrashdi.
Aytib o‘tish kerakki, B.Rajagopal O‘zbekistondagi uy-joy huquqini himoya qilinishi borasidagi qonunchilik va uning ijrosi, jumladan, uy-joyning arzonligi hamda yaroqliligi, xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari va majburiy ko‘chirish masalalarini o‘rganmoqda.
Ombudsman Feruza Eshmatova maxsus ma’ruzachi Balakrishnan Rajagopal hamda maxsus ma’ruzachi kotibiyatining boshlig‘i Gunnar Teyssen bilan uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq mexanizmlar yaratilgani va bu boradagi qonunchilik doimiy ravishda takomillashtirilib borilayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
2020-2023 yillar davomida Ombudsmanga turar joy bilan bog‘liq masalada fuqarolardan 5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida fuqarolar foydasiga 1 milliard 305 million so‘m kompensatsiya mablag‘lari undirilgan.
O‘zaro muloqot davomida ushbu yo‘nalishda aholining huquqiy bilimi va xabardorligini oshirib borish zarurligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan respublika bo‘ylab fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan «Ombudsman maktabi» tadbirlarining muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Bolalar ombudsmani vakillari ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Suhbat davomida maxsus ma’ruzachi Balakrishnan Rajagopal O‘zbekistonda fuqarolarning turarjoyga bo‘lgan huquqlari himoya qilinishining huquqiy asoslarini mustahkamlash, jumladan, aholining kam ta’minlangan qatlamini uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlarni e’tirof etar ekan, bu borada Ombudsman instituti faoliyatining dolzarbligiga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Ombudsman institutlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA