_

Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! 

Senga ne bo‘ldi? Ey, Chingizlarning, 

Temurlarning, O‘g‘uzlarning, 

Otillalarning shonli beshiklari! 

Qani u chiqdig‘ing yuksak o‘rinlar?.. 

Abdurauf Fitrat

 

Amerikalik siyosatchilardan biri Markaziy Osiyo mintaqasining ayni davrdagi hayoti va taqdiri haqida «…ular bugun postsovet yoki postkommunistik mamlakatlar emas» degan fikrni bildirgan edi.

Ilmiy tadqiqot doiralari orasida qotib qolgan (stereotip) tushunchalarning eskirganiga ishora qiluvchi ushbu qarashni ilg‘ab olish uchun bugun maxsus ilmlar egasi bo‘lish shart emas. Deylik, bundan o‘n-o‘n besh yil ilgari siyosiy tabiati milliy ayirmachilik, o‘zaro adovat va pinhona dushmanlikka moyil bo‘lgan Markaziy Osiyo jamiyatlari – ming yillik qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlar bugunga kelib, hayron qolarli darajada o‘zgarib ketdi. Kechagina bir-biridan ustunligi, «qadimiy»ligi va aynan shu sabablarga ko‘ra, mintaqaning tarixiy-madaniy merosiga ko‘proq daxldor ekanini zo‘r berib isbotlashga urinayotgan, ba’zi o‘rinlarda bir-birini keskin haqorat qilishgacha borayotgan odamlar aynan bugun favqulodda yakdil qo‘shnilarga aylanib qolishdi.

Bu hodisani ifoda etuvchi, aniq dalil sifatida baholovchi voqea-hodisalarni kun-kunora ko‘rib, eshitib turibmiz. Holbuki, hozirgina aytganimizdek, yon qo‘shnilarning bir-birlariga nisbatan olib borgan yopiq va noxolis siyosati mintaqaning umumiy tarixi, madaniy merosini «nafrat tili»ga aylantirib qo‘ygandi. Tarix va bobolardan qolgan umummeros hukmron siyosatlar tomonidan mafkuralashtirilishi, to‘qib-bichilishi oqibatida Yevroosiyo markazi – bir zamonlar ulkan imperiyalarga asos solgan, shavkati olamni tutgan zaminda, taassufki, mustaqillikka erishgan va ayni paytda bir-biriga ters burilgan besh davlatni paydo qildi. Va ayni paytda bu holat atrofdagi an’anaviy aktorlar uchun mintaqani geosiyosiy ob’ekt darajasida ushlab turish imkonini berdi.

Men ayni damda mintaqaning geosiyosiy manzarasi, bugungi kundagi mavqei borasida batafsil to‘xtalmoqchi emasman. Hozir ayni jarayonlarga bevosita ta’sir etish quvvatiga ega bo‘lgan, siyosatchilar tili bilan aytganda, haqli ma’noda mintaqaning geosiyosiy aktoriga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekistonimizning dadil qadamlari, kundan-kun oshib, yuksalayotgan xalqaro imiji borasidagi muxtasar fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Ochig‘i, meni bugun aytmasa bo‘lmaydigan, yuragimni to‘lqinlantirib yuborgan quvonchli voqealar yozishga undadi, qo‘limga qalam olishga majbur etdi desam, to‘g‘ri gapni aytgan bo‘laman.

I

O‘tayotgan avgust oyi hammamiz uchun xayrli, quvonchli xabarlar va tafsilotlar bilan boshlandi. Va aytish mumkinki, men nazarga olmoqchi bo‘lgan ikki muhim voqea ham Yangi O‘zbekistonimizning dunyo siyosati, madaniyati va zamonaviy tarixidagi yuksalib borayotgan o‘rni bilan bog‘liq. Bu faktorlar kechagina O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi va Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvidagi ishtiroki hamda sportchilarimizning Parij Olimpiadasidagi tarixiy g‘alabasi sabab qalbimni jo‘shtirayotgan fikrlar bilan bog‘liq qaynoq o‘ylardir.

To‘g‘ri, ba’zilar «Xo‘sh, Prezident bunday formatdagi uchrashuvlarda ko‘p bor ishtirok etgan, sportchilarimiz ham boshqa g‘olib davlatlar atletlari qatori zafar quchishdida, shunga shuncha hayajonmi?» deya pisanda qilishi mumkin.

Ammo bunday kimsalarga mening ham savolim bor: xo‘sh, mustaqil bo‘lganiga o‘ttiz uch yil bo‘layotgan O‘zbekiston bilan jahon davlatlari qachon bu darajada jiddiy hisoblashgan, boshidan og‘ir sitamlarni o‘tkazgan bu mamlakat va xalq qachon xalqaro siyosatning mustaqil sub’ekti sifatida e’tirof etilgan? Qachon ikki yuzdan ortiq davlat sportchilari ishtirok etgan xalqaro bellashuvda yurtimiz vakillari o‘n uchinchi o‘rinda qayd etilgan, qachon O‘zbekiston madhiyasi bunday nufuzli musobaqalarda ustma-ust sakkiz bor yangragan, bayrog‘imiz o‘n uch bor g‘oliblar shohsupasi uzra yuksalgan va yana biz yana qay mahal «o‘zbek sportchilari dunyoda tengsiz» degan e’tiroflarni eshitganmiz?!

Albatta, bugun xalqimiz hayotidagi muhim hodisa sifatida baholanayotgan ushbu ikki omil Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning deyarli sakkiz yildan buyon olib borayotgan mashaqqatli mehnatlarining munosib mevasi desam, meni hech kim inkor qilolmaydi.

Avvalo, Qozog‘istondagi uchrashuvlar haqida muxtasar to‘xtalmoqchiman. Zotan, ayni tashrif tafsilotlari Millatimiz Liderining bundan yetti-sakkiz yil ilgari mintaqa bo‘yicha boshlagan hayotbaxsh siyosatining samaralarini aniq ko‘rsatgandek bo‘ldi.

Hammamiz yaxshi bilamiz, 7-9 avgust kunlari davlatimiz rahbari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ldi. Tashrif avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kezi kelganda shuni alohida aytish kerakki, ikki qo‘shni davlat rahbarlari o‘rtasidagi bu darajadagi uchrashuv tariximizda ilk bor o‘tkazildi. Jahon hamjamiyati, xalqaro ekspertlar tomonidan mintaqaning asosiy lokomotivlari, deya e’tirof etilayotgan davlatlarning hamkorlik masalasida bunday yuqori darajaga chiqishi hali kuzatilmagan. Tan olish kerak, ilgarilari ham Markaziy Osiyo, «mintaqa birligi» yoki o‘ta mafkuralashtirilgan «Turkiston – umumiy uyimiz» deganga o‘xshash ustmilliy umumiy tushunchalar mavjud bo‘lgan esada, guruh sifatidagi o‘ziga xoslik o‘ta mujmal edi. Ikki asosiy kuch bo‘lgan qo‘shnilarning mintaqada olib borayotgan harakatlari o‘sha mavhumlikni aniq harakatga aylantirishda muhim qadam bo‘lmoqda. Bu haqda sal keyinroq, hozir esa bevosita davlatlarimiz va xalqlarimiz tarixiga zarhal harflar bilan bitilishga arzigulik yig‘ilish – Davlatlararo kengashning birinchi majlisi to‘g‘risida batafsilroq to‘xtalamiz.

Tashrif doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, biznes forumi, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy markazlar forumi, intellektual o‘yinlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bundan tashqari, kino kunlari va boshqa madaniy tadbirlar tashkil etildiki, bu xalqlarimizning nafaqat siyosiy-iqtisodiy, balki madaniy jihatdan ham yakdilligini oshirishga xizmat qiladi desam, yanglishmagan bo‘laman.

Ushbu uchrashuvlardagi eng diqqatga sazovor voqealardan biri shuki, ikki mamlakat rahbarlarining 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilindi. Ayni hujjat O‘zbekiston-Qozog‘iston do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida yangi bosqich boshlanganini anglatadi, albatta.

Shuni quvonch bilan aytish mumkinki, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar dinamikasi misli ko‘rilmagan darajalarga ko‘tarilib borayotir. Buni bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar, masalan, tomonlarning biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha 7 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar imzolangani misolida ham ko‘rish mumkin…

– Biz ko‘p qirrali munosabatlarimizda yangi sahifa ochdik – Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdik. Ushbu format davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi ifodasi bo‘lib, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning yaqin aloqalari, ularning barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini yaqqol namoyon etadi, – dedi davlatimiz rahbari ushbu uchrashuvda.

Albatta, mintaqaning yuragi bo‘lmish ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga chiqishi jahon hamjamiyatini ham, xalqaro ekspertlarning ham e’tiboridan chetda qolmadi. Tahlilchilar, «aql markazlari» ayni tashrif tafsilotlarini keng sharhladi. Xususan, Malaya universiteti (Malayziya) qoshidagi Osiyo va Yevropa instituti direktori o‘rinbosari Roy Entoni Rojers o‘z kuzatishlarini quyidagicha bayon etdi:

«O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari o‘rtasidagi mustahkam tarixiy aloqalar va shaxsiy do‘stona munosabatlar tufayli o‘zbek-qozoq munosabatlarining bugungi holati alohida dinamika, o‘zaro tushunish va ishonchning yuksak darajasi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga ushbu tashrifi nafaqat ikki mamlakat xalqlari, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi ravnaqi uchun ham tarixiy ahamiyatga ega, deb hisoblayman».

Mintaqa hamkorligi yo‘lida O‘zbekiston yuritayotgan siyosatni yuqori baholarkan, «Premium Construction» kompaniyasi (Qatar) boshqaruvchi hamkori Nasri al-Saadi esa o‘z maqolasida yon qo‘shnilarning samimiy harakatlariga urg‘u beradi:

«Ikki mamlakat yetakchilari xalqaro hamkorlikning tobora ommalashib borayotgan mexanizmlariga aylanib borayotgan Maslahat uchrashuvlari va «Markaziy Osiyo plyus» platformalari orqali mintaqani birlashtirish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish tarafdori hisoblanadi. Ular global va mintaqaviy siyosat masalalarida ham bir-birlarini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda».

Tabiiyki, mening maqsadim ushbu tarixiy uchrashuv haqida xorij tahlilchilari fikrlarini qalashtirib tashlash yoki sharhlash emas. Ko‘zlagan niyatim – shu muqaddas yurt, aziz xalqi uchun turli qiyinchiliklar, bosimlar, tashqi va eng afsuslanarlisi, o‘zingdan chiqqan balo – ichki «o‘yinlar»ni yengib o‘tib, sovuqqonlik va donishmandlik bilan ko‘zlagan manziliga intilayotgan va bu jarayonda ulkan yutuqlarga erishayotgan Millatimiz Lideri Shavkat Mirziyoyevning jasorat va sadoqatga evrilgan faoliyati haqida so‘zlash va bu kayfiyatni sizga ham ulashishdir. Zotan, men o‘zbek xalqi, O‘zbekiston nomini balandlarga ko‘targan, ko‘tarayotgan shunday inson bilan zamondosh va vatandosh bo‘lganimdan mudom faxr tuyaman.

II

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda yaqinda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida «Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati bugun nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor kuchga do‘ndi» degan edi.

Agar jahonga taniqli ulamoning biz uchun neytral shaxsligini hisobga olsak, ushbu ta’rif mutlaqo samimiy ekaniga ishonch hosil qilamiz.

Darhaqiqat, bugun xalqaro siyosatda katta qiziqishga sabab bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari maslahat uchrashuvining tashabbuskori ham shaxsan bizning Prezidentimiz bo‘ldi.

Eslasangiz, ushbu tashabbus dunyo hamjamiyati tomonidan keng olqishlangan va ilk uchrashuv 2018 yil 15 martda Ostonada bo‘lib o‘tgan edi. Besh qo‘shni davlat rahbarlarining kechagina Qozog‘iston poytaxti Ostonada o‘z ishini olib borgan yig‘ilishi ayni formatning yangi sikli – davrini boshlab berdi.

Bugungi maqoladagi asosiy urg‘u shu mavzuga tegishli bo‘lmasada, bir mulohazani aytishim shart. Shavkat Mirziyoyev bundan 7-8 yil ilgari bu uchrashuvni tashkillashtirishdan ko‘zlagan maqsadni men endi aniq tushunganday bo‘ldim. Bu – mintaqaning birligi, ha, ha, ming yillarki, ota-bobolari birga ahil-inoq yashab kelgan, ammo turli siyosiy sabablarga ko‘ra, ajralib, va hatto yuqorida aytganimdek, bir-biroviga yovga aylanishiga ozgina qolgan xalqlarimizni birlashtirish, siltab uzib olingan tarixiy tomirlarga malham qo‘yish, bir zamonlar chuqur uyquga ketgan «arslon»ni uyg‘otish ekan…

O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, kechagi yig‘ilishda yuz yillardan buyon yangramagan, qo‘rquv va talvasa ichra tillarga ko‘chmagan ulug‘ bir g‘oya – «mintaqa integratsiyasi», «mintaqaviy o‘ziga xoslik» degan siyosiy chaqiriqlar o‘rtaga tashlandi.

– Madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, – dedi davlatimiz rahbari o‘z so‘zida, – xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy mas’uliyatni anglashini kuchaytirishga katta e’tibor berishimiz lozim.

O‘ylaymanki, «Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak» xalqaro media platformasining tezroq ishga tushirilishi ushbu yo‘nalishda muhim amaliy qadam bo‘ladi.

Mintaqa xalqlarining o‘zaro bir-birini tushunishi va birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazishni taklif qilamiz.

Ushbu iqtibosdagi «mintaqaviy o‘ziga xoslik» degan iboraga chuqurroq nazar solsangiz, bu so‘z mohiyatan nafaqat mintaqaning geografik, siyosiy-iqtisodiy, balki madaniy-mafkuraviy jihatlarini ham qamrab olganini ko‘rishingiz mumkin. Xususan, bu uzoq yillik mustabidlikdan so‘ng mintaqaning «yo‘qolgan qalbi» – umumiy kimligi (identiki)ni tiklash borasidagi jasoratli qadam ekanini anglab olasiz. Sodda va jaydari tilda aytganda, bu mintaqa xalqlarining «o‘g‘irlangan» o‘zligi, umummilliy g‘ururini tiklash deganidir.

Qozog‘istonda Prezidentimizga berilgan ikki yuksak mukofot – Qozog‘iston Respublikasining «Oltin Qiron» («Oltin burgut») ordeni hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni – Shavkat Mirziyoyevning mintaqa xalqlari, davlatlari o‘rtasidagi «muzlik»ni eritgani, hayotimizga bobolardan meros qaynoq do‘stlik, mehru muhabbatni qaytargani bilan bog‘liq desam, yanglishmagan bo‘laman, nazarimda.

Zotan, bunga misollar ko‘p, ammo kecha Parijda o‘tgan Olimpiya o‘yinlari jarayonidagi iliq taassurotlar barchasidan a’lo bo‘ldi: shu sport o‘yini qo‘shni xalqlarning qalbida bir-biriga nisbatan muhabbat paydo bo‘lganini, oldingi g‘arazu xusumatlar qalblarimizdan muz kabi erib ketganini isbotladi.

Bu, shubhasiz, mintaqada Shavkat Mirziyoyev boshlagan va olib borayotgan mehr va samimiyatga to‘la siyosatning yorqin namunasidir.

III

Shu kunlarda qalblarimizni nurga to‘ldirgan voqealardan yana biri, shubhasiz, Parij Olimpiadasida sportchilarimiz erishgan g‘alabalardir. Kim nima desa, desin, bu G‘ALABA Yangi O‘zbekistonning qalbi, g‘ururi, iftixoriga aylandi. E’tibor qiling, kechagina «kolonial», «postkolonial» deb tepadan qaraladigan, nomi xalqaro mashvaratlarda shunchaki til uchida aytib ketiladigan mamlakatimiz jahonga o‘zining kimligini ko‘rsatib va eslatib qo‘ydi.

Sportchi yoshlarimiz 208 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada yuksak matonat, mahorat va iroda ko‘rsatib, dunyoda 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egalladi. Bir yo‘la 3 nafar sportchimiz «ikki karra olimpiya chempioni», degan yuksak sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Bu olamshumul voqeani kim o‘z-o‘zidan bo‘ldi, deya oladi?!

Ayni damda odamda favqulodda ikkilanish paydo bo‘ladiki, bugun mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar biz shu Vatanga daxldorligimiz uchun ko‘zimizga o‘zgacha ko‘rinayotgandir, degan. Ammo u darajada emas. Bugun mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaratuvchilik qudratini chetdagilar ham nazardan qochirmayotir. Masalan, dunyo ilm-fanida taniqli olim, tarixchi, etnolog va antropolog, tarix fanlari doktori, Sankt-Peterburgdagi Yevropa universitetining Antropologiya fakulteti professori Sergey Abashin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘z mulohazalarini quyidagi tarzda qoldirgan:

«2024 yilgi Olimpiada favqulodda muhim voqeaga aylandi. Gender va san’at mavzulari muhokamasi bilan emas, balki, eng avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari va ayniqsa, 8 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, 13-o‘rinni egallagan O‘zbekiston sportchilarining ko‘rsatgan ajoyib natijalari bilan esda qoladigan bo‘ldi (eslatib o‘tmoqchiman, Olimpiada yutuqlari bilan bir qatorda, o‘zbek shaxmatchilari ham so‘nggi yillarda jahon reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelyapti). Sport tilida aytganda, biz Markaziy Osiyo davlatlari umumbashariy miqyosda tanilayotgan va tan olinayotgan muhim o‘yinchilarga aylanib borayotganiga va o‘z sub’ektligini anglab yetayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu dunyoda va sobiq postsovet hududida haqiqiy tarixiy siljish bo‘lib, hali uzoq davom etadigan va shubhasiz, tabiiy jarayondir».

Albatta, ozgina siyosiy madaniyati bor odam Abashin ushbu matn orqali nimaga ishora qilayotganini yaxshi anglaydi. Ya’ni O‘zbekistonning bugun sportda erishayotgan g‘alabalari uning milliy sub’ektga aylanayotganini ham ko‘rsatadi. Bu, ochiq aytganda, mamlakat siyosiy-mafkuraviy jihatdan mustaqilligini mustahkamladi, endi unga o‘rtada turadigan o‘rtakashning keragi yo‘q, degani bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, shu kunlarda hayotimizda sodir bo‘lgan bu ikki quvonchli voqea bizning ertamiz porloq va ishonchli ekanini kafolatladi, Yangi O‘zbekistonning qat’iyatini, uning jasoratli Lideri Shavkat Mirziyoyevning irodasi bukilmas va yo‘li ortga qaytmas ekanini ifoda etdi.

Qudratilla Rafiqov, 

siyosatshunos