Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer bilan uchrashdi.

Tomonlar o‘rtasida muhandis-texnika mutaxassislarini tayyorlashda o‘zaro ta’lim dasturlarini joriy qilish, Germaniya Federativ Respublikasidan tajribali olimlarni O‘zbekistonga taklif qilish, dolzarb global muammolar yechimiga qaratilgan o‘zaro ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish kabi masalalar muhokama etildi.

– Men uchun mamlakatingizda elchi bo‘lib xizmat qilish katta sharaf, – dedi Manfred Xuterer. – O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan yo‘nalishlarida bir qator muhim ishlarni birgalikda amalga oshirishimizga ishonaman.

Vazir Q.Sharipov, o‘z o‘rnida Manfred Xutererni yangi lavozimi bilan tabriklab, hamkorlikdagi ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi.

– Germaniya doimo biz uchun muhim sherik bo‘lib kelgan, – dedi vazir. – Bugungi kunda o‘zaro talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, yosh olimlarning Germaniyada ilmiy stajirovkalarini tashkil etish muhim yo‘nalishardan biridir. Shuningdek, Germaniya tomoni bilan O‘zbekiston Respublikasida ilk nemis universitetini tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyorligimizni ma’lum qilaman.

 Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA