AQSHning Sent-Luis shahrida “Grand Chess Tour” tizimidagi «Saint Louis Rapid & Blitz-2024» xalqaro turniri yakunlandi.
Mukofot jamg‘armasi 175 ming AQSH dollaridan iborat turnirda Fabiano Karuana (AQSH, rapid 2777/ blis 2795), Yan Nepomnyashiy (Rossiya, 2753/ 2777), Xikaru Nakamura (AQSH, 2746/2874), Lener Dominges (AQSH, 2693/2651), Uesli So (AQSH, 2735/2782), Rameshbabu Pragnanandxa (Hindiston, 2688/2693), Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston, 2732/2669), Levon Aronyan (AQSH, 2754/2727), Alireza Firuzdja (Fransiya, 2731/2869), Maksim Vashe-Lagrav (Fransiya, 2747/2795) rapid va blits yo‘nalishidagi musobaqalarda g‘oliblik uchun dona surdi.
Kecha blits yo‘nalishida so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazilib, har ikki yo‘nalishda shaxmatchilar to‘plagan ochkolar sarhisobiga ko‘ra, Fransiya vakili Alireza Firuzdja 17,5 ochko jamg‘argan holda g‘oliblikni hamda mukofot jamg‘armasining 40 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotga ega chiqdi. Turnirda kuchli shaxmatchilar qatorida dona surgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov har ikki yo‘nalishdagi o‘yinlardagi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 10 ochko jamg‘ardi hamda musobaqa nizomiga muvofiq, 8 ming AQSH dollariga ega chiqdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA