Mustaqillik bayramiga tuhfa
Qo‘ng‘irot tumanidagi mahallalarda “Open byudjet” loyihasi asosida hududlarni obod etish, bu orqali esa aholining ko‘p yillik muammolarini bartaraf etish tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, “Ko‘kdaryo” ovul fuqarolar yig‘inini tuman markazi bilan bog‘lovchi yo‘lning 1 ming 234 metr qismi asfalt qilish dasturga kiritilgan. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi tomonidan ushbu yo‘lning 600 metr qismiga asfalt yotqizish ishlari bajarildi.
Qurilish ishlariga 10 ta maxsus texnika, 15 nafar ishchi jalb qilingan bo‘lib, avgust oyi oxirida qurilish ishlari yakunlanishi va mazkur avtomobil yo‘lining foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Yangi zavod ishga tushirildi
Kegeyli tumanida yangidan asfalt-beton ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. “Daniyar avto servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan ishga tushirilgan loyihaning umumiy qiymati 9 milliard so‘m bo‘lib, shundan davlat dasturi asosida 7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan. Bugungi kunda zavodda 15 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
O‘quv markazi ish boshladi
To‘rtko‘l tumanidagi “Bonu taomlari” oilaviy korxonasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, kasbga o‘qitish hamda ishsiz ayollar bandligini ta’minlash maqsadida “Kelinlikka tayyorlov” o‘quv kursi yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tadbirkorlikni rivojlantirishga yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida yosh tadbirkor Shahnoza Saidova Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi tavsiyasi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Agrobank”ning tuman filiali tomonidan 100 million so‘m kredit oldi.
Bugun ushbu oilaviy korxonada xotin-qizlar qandolatchilik, milliy, Yevropa taomlari, salatlar, pishiriqlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur kursni muvaffaqiyatli bitirgan yoshlar maxsus sertifikatga ega bo‘ladilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.